«Hayotda shunday insonlar borki, ularning hayotida biror muqaddas tushuncha yo‘q, ular yaxshilikni qalb ko‘zi bilan ko‘ra olishmaydi. Undaylar odamlar va xalqlar o‘rtasiga nifoq urug‘ini sochishnigina istashadi.

Shu kunlarda Armenian Report saytida Tevos Arshakyan nomli allaqanday jurnalist, agar uni shunday deb atash mumkin bo‘lsa, o‘z maqolasida jazavaga tushgancha ahmoqona fikr — o‘zbeklarning armanlarga nisbatan nafrati va hasadi haqida so‘z yuritadi. Va u bularning barchasini O‘zbekiston Futbol federatsiyasining O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanning umrbod futboldan chetlatish haqidagi qaroriga tayanib o‘ylab topadi.

O‘FFning ushbu qarorini Arshakyan siyosiy rakursda sharhlab, O‘zbekistonda yashayotgan armanlar uchun yorug‘ kunlar tugab borayotganiga ishora qiladi. Bizga bu maqola haqida Babayanning o‘zi qanday fikrda ekanligini bilish qiziq bo‘ldi, Samvel Vyacheslavovichning o‘zi esa allaqachon maqola egasiga javob xati yo‘llashga ulgurgan ekan», deb yozadi Interfutbol sayti va Samvel Babayanning Tevos Arshakyanga yozgan quyidagi xatini keltiradi:

«Sizning provakatsion maqolangizni o‘qib men taajjubga tushdim: sizning asl vaziyatdan xabardor bo‘lmay turib, bizning mamlakatimizda millatchilik borligi haqida yozishga qanday ma'naviy haqqingiz bor? Men, Babayan Samvel, shu buyuk mamlakatning fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Men o‘zbek mahallasida tug‘ilib o‘sdim, gapirishni o‘rganib, ilk aytgan so‘zlarim ham o‘zbekcha bo‘lgan. Menga o‘z vatanimga bo‘lgan muhabbat va vatanparvarlik ruhi ona suti bilan kirgan, o‘z farzandlarim va O‘zbekiston faxri bo‘lgan shogirdlarimga ham shunday tarbiya beraman. Mening mamlakatim o‘ta bag‘rikeng, millati va dinidan qat'i nazar, har qanday insonga o‘zini namoyon etish uchun imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Mening arman ekanligim va mamlakat bosh terma jamoasi bosh murabbiy etib tayinlanganimning o‘ziyoq bundan dalolat berib turibdi va bunday misollar juda ko‘p.

Sizning O‘zbekiston va o‘zbek xalqi to‘g‘risidagi so‘zlaringiz mas'uliyatsiz va jinoyatkorona. Men bu xalq va mamlakat haqida to‘xtamasdan so‘zlab berishim mumkin, lekin bunday qilmayman, chunki bu o‘lkaning qanday ekanligini butun dunyo ahli biladi. Bu yerga bir marta kelgan kishi O‘zbekistonni sevib qolmasdan iloji qolmaydi. Men sizdan kelgusida men fuqarosi bo‘lgan va fuqarosi ekanligimdan faxrlanadigan jonajon O‘zbekistonimga daxldor bunday shov-shuvli va asossiz bayonotlar bilan chiqish qilmaslikni so‘rayman. Siz o‘zi kimsizki, o‘z vataniga va xalqiga xizmat qilishga o‘zini baxshida etgan prezidentimizga baho bersangiz? Mening har bir so‘zimga bu barokatli zaminda asrlar bo‘yi yashab kelayotgan barcha armanlar qo‘shiladi.