Jamiyat | 19:10 / 18.01.2018
101373
5 daqiqa o‘qiladi

Vodiy «zapravka»laridan yo‘qolgan gaz qidirilmoqda

Har yili, kuz-qish mavsumi qattiq keladimi, yumshoq keladimi, baribir shu 4 oy elektr, gaz, kommunal xo‘jalik va boshqa tizimlardagi asl holatni xuddi ko‘zgudek namoyish qilib beradi. 

Aholiga gaz yetkazib berish bu yil ham haminqadar. Aholi xonadonlaridagi tabiiy gaz muammosi eski, almisoqdan qolgan, har yili takrorlanadigan muammo.

Lekin, endi paydo bo‘lgan avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi taqchillik deyarli barcha tizimga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

Dekabr oyining oxirgi o‘n kunligida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida xuddi shunday holat kuzatilgan edi.

16-17-18 yanvar kunlari ro‘y berayotgan uch viloyatdagi barcha gaz quyish shoxobchalaridagi ish tizimi buzilishi esa avtomobillar egalari, tashkilotlar va aholiga yanada kattaroq noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Shu kunlarda xalq tilida «zapravka» deb ataluvchi metan gaz quyish shoxobchalari atrofida bir kilometrlik navbatlar paydo bo‘lgan. Shoxobchalar past bosimli gaz bilan kuniga 5 soatdan ishlamoqda, xolos. Haydovchilar navbatga turib, 5-6 soatda avtomashinasi balloniga zo‘rg‘a yoqilg‘i quyib chiqmoqda.

Transport degani jamiyatning harakatga keltirib turuvchi qon tomiridek gap. O‘sha zapravkalardagi navbatlar oqibatida, insonlarning qanchadan-qancha rejalashtirib qo‘ygan ishlari amalga oshmay qolayotgani achinarli hol. Transport muammosi tufayli, talaba va o‘quvchilar dars jarayonidan, ishchi-xodimlar muassasa va tashkilotiga kech qolmoqda.

Ana shunday tashvishli holatdan moddiy manfaat topadigan toifa bor. Bular – taksichilardir. Ma'lumki, Andijon, Farg‘ona va Namanganda aholi avtobusdan ko‘ra marshrut taksidan ko‘proq foydalanadi. Tumanlararo yo‘nalishlarda ham asosan «Damas»lar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shahar ichidagi yo‘nalishlarda ham o‘sha qadrdon «Damas»lar.

Ko‘rinishidan, viloyatlarda ish olib boruvchi «O‘zavtodaryotrans» agentligi ularni allaqachon yoddan chiqarib yuborgan. Barchaga ma'lum, yo‘l kira miqdori transportda bosib o‘tilgan kilometrga asosan ishlatiladigan yoqilg‘i-moy,  transport vositasining ishlatilishi va boshqa ko‘plab me'yorlarga asosan belgilanadi. Vodiyda anchadan beri unday emas. Bugun 1000 so‘mlik bo‘lgan yo‘nalish, hech qanday qaror va hujjatga asoslanmagan holda ertaga 1500 so‘m bo‘lib qolishi mumkin. Bu boshboshdoqlik bilan birovning ishi yo‘q.

Taksichilar ikki kundan beri zapravkadagi navbatdan yana «unumli» foydalanishdi.

«Kun.uz»ga Farg‘ona vodiysida yashovchi o‘quvchilardan murojaatlar kelib tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, barcha viloyatlarda yo‘l kira narxlari 3-5 barobarga oshib ketgan.

«Farg‘ona - Marg‘ilon oralig‘ida «Damas» 1500 so‘mdan qatnardi. Bugun 5000 so‘m bo‘libdi» (Farg‘ona viloyati).

«Chortoqdan Chorsugacha yo‘lkira ming so‘m edi. Uddaburon taksichilarimiz besh mingga chiqarishibdi. Ilojimiz yo‘q, ishga borish kerak» (Namangan viloyati).

«Shahar ichidagi yo‘nalishdagi taksilar payshanba kuni jahon bozoriga ming so‘mga qatnardi. Bugun besh mingga borib keldik» (Andijon viloyati).

Taksichilar noqulaylikdan foyda topishga o‘tishgan. Qiziq, zapravkada navbat ko‘paydi, lekin metan narxi oshgani yo‘q-ku?

Yo‘lkirani oshirish uchun mantiq qani? Qiyin, qiyin, yana oddiy aholiga qiyin.

Mutasaddilarga: «Nega YoQShlarda gaz muammo?» deya yuzlanamiz. Ular «O‘ztransgaz»dan kelganini beryapmiz» deya javob berishdi.

Ko‘rib turganingizdek, aholiga katta qiyinchilik keltirib chiqargan YoQShlardagi holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan birorta aniq ma'lumot berilmaydi. «O‘ztransgaz» agentligi saytida yangilikning o‘zi yo‘q. Yoki, vodiyga Qamchiq dovoni orqali o‘tgan trassada avariya bo‘lganmi? Hech qanday izoh yo‘q.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra bugun soat uchdan keyin, vodiy YoQShlariga gaz berila boshlandi (cheklangan miqdorda). Tushdan keyin navbatga turgan haydovchilarga yarim tungacha sabr qilib, eson-omon ballonini to‘ldirib olishlarini, uddaburon taksichilarga esa insof tilaymiz.

Elmurod Ermatov, jurnalist

Mavzuga oid