Maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin va yana bir qator mas'ullar 23 yanvar kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan 206-maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lishdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati

Mehmonlar ushbu maktabgacha ta'lim muassasasining tayyorlov guruhidagi o‘quv-tarbiya jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Vazir boshchiligidagi mas'ullar o‘z e'tiborlarini bog‘chaning tayyorlov guruhi tarbiyachisi Dilyara Egamberdiyeva o‘tkazayotgan navbatdagi mashg‘ulotlarga qaratishdi. Bolalar shu qadar mashg‘ulotlarga qiziqib ketishgandi-ki, hatto mehmonlarning guruhga kirib kelganligini ham sezmay qolishdi. Kuzatuv davomida tarbiyachi Dilyara Egamberdiyeva o‘zining o‘n sakkiz yillik pedagogik tajribasidan kelib chiqib bolalarga zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida ta'lim berishi ma'lum bo‘ldi.

Afsuski, oshxonadagi holat kutilgan natijani bermadi. Soat 12:20 bo‘lishiga qaramay, bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun tushlik tashkil etilmaganligi ayon bo‘ldi. Taomnoma bo‘yicha qaylali no‘xatli bo‘tqa pishish arafasida bo‘lsada, uning ichida xozirgina solingan xom go‘sht borligi hammani hayratga soldi. Aniqlanishicha, oshpaz E.Mamedova taomnoma bo‘yicha tushlikdagi 2-ovqatga berilishi lozim bo‘lgan 35,22 kg go‘sht o‘rniga 31kg go‘sht ishlatgan ekan. Mehmonlarning kutilmagan tashrifi uni esankiratgani bois, pishib turgan no‘xatli bo‘tqaga yana 4 kg xom go‘shtni solgan va shu bois tushlik berish bog‘chada kechiktirilgan ekan.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati
Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati

Albatta, bu manzara yuqoridagi xushkayfiyatdan asar ham qoldirmadi. Bir so‘z bilan aytganda, Yunusobod tumanidagi 206-maktabgacha ta'lim muassasasining oshxona faoliyati talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi bilan birga bog‘chada kun tartibi buzilganligi ham aniqlandi. Shuningdek, mazkur bog‘chaning quvvati 540 nafar bolaga mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, 2018 yilning 1 yanvar xolatiga ko‘ra, tarbiyalanuvchilar soni 740 nafarni tashkil qilayotganligini qanday baholash mumkin? Ustiga-ustak bolalar bog‘chasi binosining birinchi blogi tuman xokimiyati tomonidan Fuqarolar yig‘iniga berilgan. Yo‘l qo‘yilgan ana shu kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlanmasligining oldini olish maqsadida 206-maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi V.Muxammedova, oshpaz E.Mamayedova, ombor mudiri D.Dadaxodjayevalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, bog‘cha hamshirasi Sh.Tashtayevaga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.