Yoshlarimiz haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Shavkat MIRZIYoYeV
2018 yil 25 yanvar kuni Uychi sanoat, transport va aloqa kasb-hunar kollejida “Namunaviy ta'lim muassasasi” mavzusida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminarda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari F. Rizayev, Namangan viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i B. Tojimatov, Uychi tuman hokimi o‘rinbosari A. Rahmatov hamda viloyatdagi kasb-hunar ta'limi muassasalari direktorlari, ularning o‘quv ishlari va kasbiy ta'lim bo‘yicha o‘rinbosarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.


Seminar ishtirokchilari kollej o‘quv ustaxonalarida o‘tkazilayotgan o‘quv amaliyotlari bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng mehmonlar mazkur kollej direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari I. Rustamovning "Pedagog-xodimlar tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv-metodik majmualarning ta'lim sifatini oshirishdagi ahamiyati", kollej direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G. Karimovaning "Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda mahalla fuqarolar yig‘ini, profilaktika inspektorlari va yoshlar ittifoqi tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi ishlar tajribasi", ta'lim muassasasi direktorining kasbiy ta'lim bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Mamajanovning "Bitiruvchilar bandligini ta'minlash" mavzularidagi taqdimotlari bilan tanishdilar.
Seminar yakuniy yig‘ilishini O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi Markazi direktorining birinchi o‘rinbosari F. Rizayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida "Namunaviy ta'lim muassasasi" mavzusida tashkil etilayotgan seminarlarning maqsadi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.




















