O‘zbekiston | 16:41 / 03.02.2026
3197
5 daqiqa o‘qiladi

Botqoqlarni asrab qolishimiz kerak – Toshkentda bu mavzuda xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi

“Botqoqlar” deganda yoqimsiz manzara ko‘z oldimizga keladi. Aslida esa ular ekotizimning muhim qismidir, ularni yo‘qotib qo‘ysak, ulkan talafot yuz beradi. 2 fevral kuni Green Universityʼda Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuniga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Akmaljon Abdullayev, Aral Sea Wetlands loyihasi rahbari: Bugun Butunjahon suvli-botqoqliklar kuni. Bu kunda butun jahonda suvli-botqoqliklarni e’tirof etib, ularning muhimligini qayd etadigan kun. Bugungi tadbirda ekspertlar asosan botqoqliklarning qanchalik biz uchun muhimligi, qaysi jihatlarga e’tibor bergan holda ularni asrash, ulardagi ekotizimlarni avaylash haqida o‘zlarining fikrlarini aytib o‘tishdi. Xullas, umumjahon botqoqliklar to‘yi bu. O‘zbekistonda ham botqoqliklar borligini, ular qayerda joylashganini bilib olish, ularning ekotizimimizga, jamiyatimizga, insonlarimizga qanchalik muhimligini qayd etish fursati.

Shokir Sharipov: Botqoqliklarga o‘zi qanaqadir xavf tug‘ilganmi hozir?

Akmaljon Abdullayev: Albatta. Bizning O‘zbekiston Respublikasida asosiy botqoqlik hududlarimiz Amudaryoning quyi oqimi, ya’ni Orolbo‘yi hududlari, Orol havzasi (Orol basseyni)da joylashgan. Ekotizimlardagi keraklicha suvni yetkazib berib turish, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish, aholidan suvni to‘g‘ri muvozanatda saqlab, taqsimlash uchun muhimligini hamma e’tirof etdi va bizning loyihamiz aynan shu yo‘nalishga yo‘naltirilgan.

Shokir Sharipov: Bu tadbirdan keyin qanaqadir amaliy ishlar ham ko‘zda tutilyaptimi?

Akmaljon Abdullayev: Albatta. Bu tadbir bizning qilayotgan ishlarimizning debochasi deb aytsak ham bo‘ladi. Bu loyihaga bevosita Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi ekspertlari va Global ekologik jamg‘armaning mablag‘lari sifatida 2022 yildan beri amalga oshirib kelinyapti. Bu hududlarda bir necha ishlarni amalga oshirdik. Birinchi o‘rinda suvni umumiy taqsimlash masalalariga ko‘p e’tibor berib o‘rganildi. Ikkinchisi, yer masalalari. Degradatsiyaga uchragan yerlarni degradatsiyadan chiqarish uchun amaliy ishlar bajarildi. Birinchidan, ularni aniqlashga katta e’tibor berildi. Qoraqalpog‘istonda Amudaryo, Mo‘ynoq tumani, Buxoro viloyatida Olot va Qorako‘l tumani degradatsiyaga uchragan. Shunday hududlarni aniqlab, o‘sha yerda urug‘ ekib, milliy ekspertlar va milliy hamkorlar bilan birgalikda ma’lum ishlar amalga oshirildi. Va bu hududlarda bioxilmaxillikni saqlab qolish uchun ma’lum hududlarni himoyalangan hududlarga o‘tkazib, ularning texnik shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

Shokir Sharipov: Botqoqliklar haqida nimalarni bilmaymiz va nimalarni bilishimiz kerak?

Leyli Seitova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi: Bilasizmi, hozir ma’ruzachilar so‘zga chiqib, biz uchun botqoqlar salbiy narsa bo‘lib qolganini aytishdi.

“Botqoqlik” deyishsa, salbiy ma’noni anglatadi. Esingizdami, qo‘shiq kuylanardi: “Men suv odamiman, men suv odamiman, hech kim men bilan do‘stlashishni istamaydi”. Hozirgi tajriba ko‘rsatishicha, botqoqlik ham o‘zining katta ahamiyatiga ega. O‘zbekiston hududidagi suvli-botqoqli hududlar o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Bu o‘ziga xos to‘siq, o‘ziga xos mikroiqlim, o‘ziga xos makon bo‘lib, olimlarning fikriga ko‘ra, yer sharidagi flora va faunaning 40 foizi aynan mana shu suvli-botqoqli hududlarda, ya’ni botqoqliklarda yashar ekan. Bizning vazifamiz — mavjud ko‘llarimizni saqlab qolish. Agar aynan Qoraqalpog‘iston haqida gapiradigan bo‘lsak, ha, bizda suv muammosi bor. Tabiiyki, ikkita katta ko‘l — Sudoche va Jaltirbas — Ramsar konvensiyasiga kiritilgan. Ko‘l bu ro‘yxatga qachon kiritiladi? Qachonki bu ko‘llarga qurib qolish xavfi tug‘ilsa. Shu munosabat bilan tabiiyki, bizning ikki ko‘limiz bu tarkibga kiritildi. Hozir tayyorgarlik ketmoqda: Sariqamish deb nomlangan yana bir katta ko‘l bor. Bizda Nukus shahrining shundoqqina yonida joylashgan Ashshiko‘l bor va u yana bir bor aytaman, Nukus uchun katta mikroiqlim yaratadi. Bu esa, ayniqsa, bizdagi ekologik vaziyatda juda muhim.

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов

Mavzuga oid