Bu hayotiy dunyoda hech bir tirik jon o‘z yaqinini yo‘qotmasin ekan. Keng olam tor bo‘lib qoladi, butun orzu-rejalar tumandek tarqalib ketadi, inson ruhiyati qup-quruq bo‘shliqqa tushib qoladi. Agar bu yo‘qotish farzand bo‘lsa-chi?.. Bu ulkan musibatni hayolga keltirishning o‘zi kishini dahshatga soladi.

KUN.UZ tahririyati jamoasi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yuz bergan fojiada halok bo‘lgan yigitlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning ortidan bo‘zlab qolgan ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. G‘amlariga sherik bo‘ldi. Shu asnoda ta'ziya egalari bilan suhbatlashib, marhumlarning qanday inson bo‘lganliklari, hayotdagi rejalari va bunday xatarli safarga otlanishlariga nima sabab bo‘lganini yaqindan bilish maqsadida ko‘rsatuv ham tayyorlandi. Bu ko‘rsatuvni tayyorlashning o‘zi og‘ir kechdi, chunki har bir ta'ziyali xonadonda bo‘lib, musibat egalari bilan suhbatlashish, yosh to‘la ko‘zlarga, mahzun yuzlarga qarash juda og‘ir kechdi.

 - Rossiyaning Qozon shahrida ishlaymiz, qurilishda ish bor, oyiga 400-500 dollar pul topsa bo‘larkan deb qishloqdagi yigitlar ishlagani ketgan edi, - dedi ham kuyovi, ham jiyanini qora yerga topshirgan ta'ziyali xonadon sohiblaridan biri. – Ammo bu qishlog‘imiz uchun juda katta yo‘qotish bo‘ldi. 16 ta xonadonda aza. Ayrimlarida ikkitadan farzandlar, qarindoshlar halok bo‘lishgan. Bu halokatda nobud bo‘lgan kuyovimning ikki farzandi bor edi, ular yetim qoldi. Tanasi boshqa dard bilmas, deyishadi-ku, bizdan nima o‘tayotganini ta'riflab berishga til ojiz hozir...

Ota yig‘lamasin ekan. Hech narsani o‘ziga olmaydigan otalar, farzand dog‘ida mo‘ng‘aygancha ko‘z yosh to‘kishlari kishi qalbini titratib yuboradi. O‘z o‘g‘lidan ayrilgan Umarali To‘rayev shunday deydi:

- Alloh menga farzand atalmish ne'matni bergan edi, uni yana o‘zi qaytarib oldi. Mening qo‘limdan nima ham kelardi. Bolam chet davlatga ishlagani ketmoqchi bo‘lganida, “Qo‘ygin o‘g‘lim, qish keldi. Boriga shukr qilib, sabr qilib o‘tirgin, kunlar isib ketsa, bir gap bo‘lar”, deganimda, “Ota, siz duo qilsangiz bo‘ldi, biroz ishlab kelay”, deb ketgandi. Uni o‘shanda so‘nggi bor ko‘rib turganimni bilmagan edim... Uchta bolasi yetim qoldi.