Jamiyat | 11:34 / 27.01.2018
87822
10 daqiqa o‘qiladi

TVdagi gaplar: Er o‘zga ayol, rafiqa sobiq sevgilisi bilan, otasini do‘pposlagan esa qahramon...

Foto: iStock

Yaqinda metroda bir voqeaga duch keldim: yevropaliklarga xos kalta va ochiq kiyinib olgan uch qiz vagondagi yo‘lovchilarning e'tiborini tortib turardi. Qizlarga tikilib turgan nuroniy onaxon sherigiga dedi:

— Qizlarimizga nima bo‘lyapti o‘zi? Xorijiy serialdagi aktrisaga o‘xshab kiyinib olishibdi-ya?

— Mana, yoshlarimiz bo‘lmag‘ur narsalarni qayerdan o‘rganishyapti...

Ularning haqli savol va e'tirozlaridan qattiq ta'sirlandim. Bo‘lajak jurnalist bo‘lganim uchunmi, bu menga og‘ir botdi, o‘ylantirib qo‘ydi.

Televideniye orqali efirga berilayotgan film va seriallarni o‘zimcha taftish qilib ko‘rdim. Bir kanaldagi xorijiy klipda hozirgi kunda urf bo‘lgan ikki “sevishgan”ning qo‘l ushlashib yurgani, dengiz sohilida kalta-kulta kiyimda sayr qilgani, romantik oqshomdagi yigitning omma oldida o‘z mahbubasiga sevgi izhor qilayotgani tasvirlangan. Mana targ‘ibotu, ana targ‘ibot. Bu kabi behayo epizodlarni tomosha qilgan ayrim yoshlar “Buning nimasi uyat?”, deyishi mumkin. Biroq bunday beparda va beandisha harakatlar yoshi kattalar yoki bolajonlarga qanday ta'sir qiladi? Bemaza qo‘shiqlar o‘zbek yoshlarining ulardan nima kamimiz bor, deya taqlid qilishlariga sabab bo‘lmayaptimi? O‘zimizning estrada xonandalari ham xorijlik hamkasblaridan “ibrat” olayotganiga nima deysiz?

Boshqa kanalga o‘taman. Doimgiday hindcha film. Nima emish, ikki yil oshiq-ma'shuq bo‘lib yurganlar bir kunda dushmanga aylanarmish. Yigit sobiq sevgilisidan qasd olish uchun jinoyatga qo‘l uradi, mahbubasi esa qiz bola boshi bilan qo‘liga qurol olib, uni otib tashlaydi. Bollivud rejissyorlariga mavzu qolmaganidan telba-teskari filmlarni ishlashga majbur. Maqsad – pul topish. Ularni tushunish mumkin. Lekin asl milliy filmlarimiz turganda, kelib-kelib ana shunday zararli filmlarni televideniyemizda berilayotganiga tushunolmadim. Maqsad nima, anglolmadim.

Keyingi kanaldagi “tomosha” hammasidan oshib tushdi. Ko‘pchilikning og‘ziga tushgan turk serialidagi voqealardan yoqamni ushladim. Ushbu serialda muqaddas dinimizga zid bo‘lgan illatlar ochiqchasiga ko‘rsatilmoqda: turmush qurgan ikki yosh, er o‘zga ayol, rafiqa esa sobiq sevgilisi bilan, yosh yigit birovning jufti haloli bilan “sevgi iztirob­lari”ni boshdan o‘tkazmoqda. Bular xiyonat, xotinbozlik, da'yuslikning bir ko‘rinishi emasmi?!

Dinimizda oila muqaddas hisoblanadi. Umr yo‘ldoshining ruxsatisiz ayol ko‘chaga bir qadam tashlashining o‘zi ayb sanalsa, uning begona erkak bilan “sevishib” yurishi qanchalar og‘ir gunohligini tasavvur qilib ko‘ring-a! Televideniye xodimlari bunday filmlarni hech tap tortmay efirga uzatishi to‘g‘rimi? Hali hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan, o‘n gulidan bir guli ochilmagan yoshlarga ular qanday ta'sir etarkin? “Bir qiz unashtirilgach, boshqa birov bilan qochib ketibdi”, “falonchining fotihasi buzilibdi”, “falonchi xotin ustiga xotin olibdi” kabi gaplar bolalab ketayotganligini, bunday illatlarning ildizi qayerga borib taqalishining sababini anglaganday bo‘ldim.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozir mamlakatimizda 8 million 560 mingdan ortiq oila bo‘lib, har yili 250-300 ming yangi oila barpo bo‘lmoqda. Afsuski, qirq foizga yaqin yosh oilaning taqdiri ajralish bilan yakun topyapti. O‘ylab qolaman, bunga televideniyeda namoyish etilayotgan yuqoridagi kabi chet el seriallari, ulardagi g‘ayritabiiy qarashlar ham qaysidir ma'noda hissa qo‘shmayaptimikin?!

“Sevgi iztirobi” serialidagi epizod dard ustiga chipqon bo‘ldi. Bosh qahramonlardan biri o‘z otasini do‘pposlay ketdi... E, voh! Insoniyat shu darajaga yetib keldimi, sezmay ham qolibmiz. Bu nima degan gap, axir?! Ochig‘i, bu holni qanday ta'riflashni bilmayman. Xalqimizda “Ota rozi – Xudo rozi” degan naql bor. Qolaversa, hadisi shariflarda ham otaga qo‘l ko‘tarish og‘ir gunohligi esga solingan.

Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Qaysi bir musulmon farzand savob umidi bilan ertalab ota-­onasini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar ulardan birini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. “Ota-onadan qaysi birini xafa qilguday bo‘lsa, uni rozi qilmaguncha, Alloh undan rozi bo‘lmaydi”, dedi. Shunda bir kishi “Agar ota-onalar bolaga zulm ko‘rsatgan bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. “Agar ular bolasiga zulm ko‘rsatgan bo‘lsa ham, farzand ularni ranjitmasligi kerak”, dedi Ibn Abbos”.

Navbatdagisi ham boshqalaridan aslo qolishmaydi. Anglashimcha, bu Amerika filmi. Voqeani qarang: psixolog qabulida navbat kutayotgan yigit va qiz tanishib qoladi. Suhbatda ayon bo‘ladiki, ikkalasi ham muhabbatini qo‘ldan boy bergan. Bular bir-biriga “dalda” bo‘lish maqsadida tez-tez uchrashib turishga va'dalashadi. Buni qarangki, bor-yo‘g‘i bir hafta ichida ular eskirgan tuyg‘ularini unutib, bir-biriga oshiq-ma'shuq bo‘lishadi. Yigit o‘z mahbubasini uydagilari bilan tanishtiradi, qiz ham yigitdan qolishmay deb, yangi sevgilisini ota-onasiga ko‘z-ko‘z qiladi. Yigit ketgach, onaning qiziga aytgan gapiga e'tibor bering: “Zo‘rini ilintiribsan-ku. Yosh bo‘lganimda edi, o‘zim bilardim nima qilishni”... Odamzotga nima bo‘lyapti? Bunday bedodliklar bizga, necha ming yillik urf-odatlarimizu mentalitetimizga zid emasmi? Eng yomoni, bu kabi “tomosha”lar qayta-qayta, efirga uzatilaversa, o‘zimiz bilmagan holda ana shu illatlarning asiri bo‘lib qolmaymizmi? Kim bilsin, oramizda shularga taqlid qilayotgan, tanbeh bersang, o‘zingni aybdorga chiqarayotgan nodonlar qancha?! Tan olishimiz kerak, har bir davlat o‘z mentaliteti va dunyoqarashidan kelib chiqib film suratga oladi. Shu ma'noda, biz chet el kinoijodkorlarini ayblashimiz noto‘g‘ri. Ularning dunyoqarashi-yu tabiati bir bo‘lgan odamlar ko‘rishadi. Biz chet el odatlari va qarashlari millatimizga mos emasligini bilamiz. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha filmlarni ko‘rsat. O‘zimiz ongning buzilishiga “hissamizni” qo‘shamiz-da, so‘ng yomon bo‘lib qolgan odamlar yoki illatlar haqida bong uramiz. Ularning oldini olish choralarini izlaymiz-u, lekin yana g‘arbona filmlar namoyishi davom etaveradi. O‘zligimizdan ayiradigan filmlar berilaverar ekan, bu illatlar bizni hech qachon tark etmaydi.

Hozir qayerga qaramang, G‘arbning hidi keladi. Maqola avvalidagi fikrlar ham millionlab misollardan biri, xolos.

Bunday ruhdagi filmlar televideniyeda berilmagan taqdirda ham, odamlar xohlagan kinosini istagan vaqtda internetda ko‘rishi mumkin-ku, buni cheklab bo‘lmaydi, deb o‘ylashingiz mumkin. To‘g‘ri, internetning imkoniyatlari keng: kishi turli saytlarda istagan filmni tomosha qiloladi. Lekin televizor ko‘ruvchilarning soni internet foydalanuvchilariga qaraganda bir necha barobar ko‘p.

Yana bir e'tiborli jihati shuki, televideniyeda berilayotgan chet el filmlari tarjima asosida, hatto ba'zi qahramonlarning ismi o‘zbekchalashtirilgan holda beriladi. Insonga o‘z tilidagi film boshqa tillardagiga nisbatan kuchliroq ta'sir qilishi aniq. Sababi, unda o‘zbekona iboralar va maqollardan foydalaniladi. Bu esa qalbga tez yetib boradi. Internetda ko‘rilayotgan filmlar esa, chet tillarda. Tomoshabin internet orqali film ko‘rar ekan, undagi qahramonlar hayoti, urf-odatlari televideniyedan farqli o‘laroq boshqacha ta'sir qiladi. Ya'ni, qandaydir chegara borligi, notanish odatlar bizga yot ekanligini qalban his qiladi. Yana bir gap: chet el filmlarini televizorda tomosha qilganchalik internetda ko‘rishga hammaning ham qurbi, vaqti yetmasligi mumkin. Buni ham tan olish lozim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov “Oilada farzand tarbiyasi” kitobida axloqsiz film va tomoshalar zarari haqida shunday yozadi: “Insonning ma'nan ojiz va qalban g‘ofil bo‘lib qolishiga eng katta sabablardan biri axloqsiz film yoki tomoshalardir. Bu kabi narsalar farzandning beg‘ubor qalbini tamoman zaharlab qo‘yadi. Ilmu ma'rifat singishi lozim bo‘lgan pokiza qalbni yovvoyi hisslar egallaydi. Afsus, bu kabi axloqsizlikka yetaklovchi ishlardan kimlardir bugun tirikchilik manbai sifatida foydalanmoqda”.

Xulosa shuki, bu kabi filmlarga qaram bo‘lmaylik. Xalqimiz ma'naviyatini susaytirishga emas, balki oshirishga hissa qo‘shaylik.

Irodabonu AVVALBOYeVA,

O‘zDJTU talabasi

Mavzuga oid