Bishkek IESini modernizatsiya qilish haqidagi bitimni imzolar ekan, Qirg‘izistonning o‘sha vaqtdagi energetika vaziri, ayni paytda parlament deputati Osmonbek Ortiqboyev «biz yangi issiqlik uzatish markazini qurayapmiz», deb ishontirgan, faqat «qariyb», deb qo‘shimcha ham qilgan edi, deb yozadi 24.kg.

Mustahkam IESni qurishni esa uddalasholmagan bo‘lib chiqdi. 2018 yilning qahraton qishida eski qozonxonalar ishdan chiqdi, yangi uskunalar esa zo‘riqishni ko‘tara olmadi. Faqat kecha kechga borib bishkekliklar uyiga iliqlik yugura boshladi.

Bishkek IESi modernizatsiyasi

Yangi bloklarni barpo etish uchun 8 ta eski qozonxona va 4 ta turboagregat buzib tashlandi. Ilgari ularning quvvati 175 MVt edi, yangi ikkita qozonxona agregati va ikkita turboagregat o‘rnatilganidan so‘ng quvvat 300 MVtgacha oshdi.

Osmonbek Ortiqboyevning jimjimador imzosi bilan qurilish ishlari Xitoyning TVeA kompaniyasiga qo‘shqo‘llab topshirildi. Xitoyning Eksimbanki Qirg‘izistonga buning uchun 386 million dollar kredit ajratdi.

Qurilish kapsulasi 2015 yilning 2 noyabrida joylandi, ochilish marosimi 2017 yilning 30 avgustida bo‘lib o‘tdi.

Hisob palatasining ma'lumotlariga ko‘ra, uskunalarning narxi 164,6 million dollar, qurilish ishlari — 66,7 million dollar, montaj va ishga tushirish ishlari 64,2 million dollarga tushgan.

Ma'muriy xarajatlar uchun yana 19,2 million dollar sarflangan, personal va mexanizmlar transportirovkasi uchun esa 12,4 million. 2015 yil oxiriga kelib pudratchiga 280,38 million (umumiy shartnomaning 72,6 foizi) to‘lab berilgan.

TBEA yana o‘z hisobidan 20,3 million dollar beminnat yordam ko‘rsatgan. 

Yerevanning yangi IESi

2017 yilning boshida Armaniston poytaxti Yerevanda yangi IES qurish uchun kapsula joylashtirildi. Eskisini modernizatsiya yoki ta'mirlash uchun emas, aynan noldan yangisini barpo etish uchun.

Qurilish rejasiga ko‘ra 250 MVt quvvatga ega, gazda ishlovchi kombinatsiyalashgan siklga ega elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Italiyaning Renco kompaniyasi yangi blokni 285 million dollarga baholagan. Pudratchining ishontirishicha, qurilish ishlari 26 oy davom etadi va 2019 yilning ikkinchi yarmida yakunlanadi.