Aqto‘be fojiasidan so‘ng o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning Toshloq tumani aholisini «haromi» deb haqorat qilgani haqidagi materiallar turli saytlarda, jumladan, «KUN.UZ»da ham e'lon qilingach, Farg‘ona viloyatida turli tahririyatlarga rahbarlik qilayotgan shaxslardan viloyat hokimining qilmishini oqlash tushuntirilgan bir necha murojaatlar tarqaldi.

Tahririyatimizga ham navbatdagi xat keldi. Bu safar «Bag‘dod tongi» gazetasi bosh muharriri Davlatjon Polvonovdan:

«Sezamanki, yozmoqchi bo‘lganlarim poyoniga yetmayoq, meniyam laganbardorga chiqaradilar. Tilyog‘lamachilikda, bir yoqlamachilikda ayblaydiganlar meni-da yomonotliq qilishadi: xuddi jurnalist Muhammadjon Obidovning yozmishlarini «xalqning ustidan kulish» deya talqin etishgandek va xuddi Bosh muharrir Gulbahor Said G‘ani satrlarini «puchmoq»qa mengzaganlaridek. Biroq, na chora, dildagini tilga ko‘chirmasang, yurak qurmag‘ur tosh qotib, butun vujudingni g‘ashlik bosib boraverarkan», deb boshlagan u o‘z xatini.

Buni bemalol «yeb quygan» viloyatimiz rahbarini oqlash, unga paxta qo‘yishga majbur bo‘lib yozyapman, iltimos, qattiq urishmanglar meni», deb tushundim shaxsan men.

Qiziq holat: Farg‘ona viloyat hokimining huquqbuzarligini oqlab, uning matbuot kotibi Abdulazizxon Abdasov, farg‘onalik jurnalistlar — Muhammadjon Obidov, Gulbahor Said G‘ani, mana endi, Davlatjon Polvonovgina yozishyapti.

Nega Farg‘ona viloyati hokimi kechirimli xalqidan bir og‘iz uzr so‘rash o‘rniga «propaganda askarlari»ga buyruq berib, butun O‘zbekiston ahlining g‘ashiga tegmoqda?

Masalan, butun tumanning mas'uliyatsiz fuqarolarini «haromi» deb haqorat qilish mumkin ekan, shu so‘zni mas'uliyatsizlik bilan ishlatgan hokimni ham shu kabi so‘zlar bilan bemalol siylayversak bo‘laveradi, deganimi buyog‘iga? Zamondan ortda qolib ketgan anavilarning yozgan maqolalaridan bemalol shunday qilaverish mumkin, degan xulosa kelib chiqmoqda axir!

«Propaganda askarlari»da ozgina bo‘lsa ham or yo‘q ekan. So‘kdimi — jarimasini to‘lab, qonun oldida javob berishi kerak-da hokim. Hech kim osilsin demayapti-ku! Gazetalaringiz bosh sahifasida eshakdek harflar bilan shunday sarlavhalar ostida material berilishi kerak emasmi? Siz rostdan ham jurnalistmi o‘zi yo laganbardormi?