Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda Aqto‘bedagi noxush hodisa oqibatlari ham muhokama qilingan. «Kun.uz» tahririyatiga ushbu yig‘ilish vaqtida yozib olingan audioyozuv yetib keldi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Toshloq tumanidagi barchani (Aqto‘bedagi fojiada qurbon bo‘lganlarning 16 nafari shu tumandan edi) Farg‘ona viloyatini respublikada sharmanda qilishda ayblagan. Hokim o‘z ayblovlarini qo‘pol so‘zlar bilan ifodalab, toshloqliklarni Haj ziyoratiga borishdan mahrum qilgan.

«Endi Toshloqdan hech kim Hajga bormaydi. Toshloqliklarning birontasi Haj safariga bormaydi, tirigiyam bormaydi, otasiyam bormaydi. Hammasi mahrum bo‘ldi o‘sha Toshloqdan», deya hayqirgan hokim.

Shundan so‘ng u o‘z yordamchilaridan biriga Haj safariga borish uchun ro‘yxatdan o‘tgan toshloqliklarning barchasining nomini o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

G‘aniyev fojia qurbonlarining yaqinlari uchun ajratilgan moddiy yordamni minnat qilgan.

«Eshitib qo‘yinglar, toshloqliklar! Yana bechora viloyatliklar 80 million so‘m homiylik qilishga majbur bo‘ldi. Har biri uchun 5 million so‘mdan. Buni ta'na qilish uchun gapirayotganim yo‘q», deya ta'na qiladi hokim.

«20 yashar, 22 yashar, uylanmagan yigitlar ketaveradimi? Ota-onasi nima deyapti, karaxtmi ular? Endi bechora uchastka noziri aybdor qilinadi. Mahalladagilar turibdi tishini kovlab.

Ertaga yozsa yozaversin, mani ustimdan. G‘aniyev urdi (!), hajga bormaysan dedi, falon dedi, piston dedi, qilib», deya u OAVda o‘zini tanqid qilib chiqishlaridan qo‘rqmasligini ta'kidlagan.

Hokim toshloqliklarning 2005 yilda miting qilganini ham eslab o‘tgan.

«Miting qilgan ham shular bo‘ladi, 2005 yilda ichki ishlar xodimlarini tosh otib quvlaganlar shu haromilar edi. Qaralmasa, shunaqa bo‘ladi», deydi hokim.

Shuhrat G‘aniyev Toshloq tumani hokimi H.Umarovni qattiq haqoratlagan.

«Ikki-uchtadan xotin qilganiyam Toshloqda, xotinlarni qo‘yvorib, bolalarni yetim qilib, aliment to‘lamay yurganlaram Toshloqda. Padaringa la'nat, san toshloqliklarni... Hokimdan boshlab haromilar. Respublikaga butun viloyatni sharmanda qiladiganlar. Bozor ustidan yozadiganlaram Toshloqda, bozorda o‘zi eshakmindi o‘ynaydiganlaram Toshloqda (biroz avvalroq matbuotda Toshloq tumanidagi dehqon bozori qattiq tanqid qilib chiqilgandi - tahr). 

Qo‘lingdan kemasa chiqib ket hozir zaldan, hokim bo‘lib o‘tirmasdan. Mard bo‘lsang, shunday chiqib ket-da, yo‘qolib ket! Yo‘qolib ket! Nomard!», deydi u.