Sport | 14:17 / 10.02.2018
14110
13 daqiqa o‘qiladi

Derbilar haftasi. Uik-endning eng muhim o‘yinlari

Joriy hafta yakuni derbilarga va boshqa bir qator muhim o‘yinlarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Shimoliy London, Istanbul va Valensiya derbilari o‘z nomidan tashqari turnir jadvalidagi ahamiyati sabab ham muhim sanaladi. Tribuna.Uz haftaning eng asosiy o‘yinlari anonsi bilan tanishtirib o‘tdi.

TOTTeNHEM - ARSeNAL (10 fevral, 17:30)


O‘tgan mavsumda Premer Liga tarixida ilk bor «Tottenhem» «Arsenal»dan yuqoriroq o‘rinda mavsumni yakunladi. Umuman so‘nggi yillarda Shimoliy Londondagi ustunlik ko‘proq Pochettino jamoasiga og‘ib borayotgani sir emas, hatto qatorasiga uch yil «Arsenal» azaliy raqibi ustidan g‘alaba qozonmay kelayotgandi. Faqatgina mana shu mavsumda, birinchi davradagi o‘yinda «Arsenal» 2:0 hisobida yutdi va yutganda ham, juda chiroyli va katta ustunlik bilan bu ishni amalga oshirdi. Hozir esa, Venger shogirdlarida raqibiga turnir jadvalida yaqinlashib olish va kuchli to‘rtlik uchun kurashni yanada yuqori bosimga oshirish imkoniyati turibdi.

Hozirda «Tottenhem» 49 ochko jamg‘argan va 4-o‘rindagi «Chelsi»dan atigi bir ochko ortda bormoqda. «Arsenal» esa, 45 ochko bilan oltinchi o‘rinni egallab turibdi. 

O‘yinga har ikki jamoa ikki xil holatda yetib kelishmoqda. «Arsenal» transfer darichasini juda aktiv o‘tkazdi va o‘z safiga Mxitaryan, Obameyang kabi yulduzlarni qo‘shib oldi, O‘zil bilan yangi shartnoma imzoladi – bu ijobiy o‘zgarishlar jamoa o‘yinida ko‘tarinkilik olib kelgani shubhasiz. Buni «Everton» darvozasida o‘ttiz daqiqada kiritilgan to‘rt gol ham isbotlab turibdi. Ya'ni yulduzlari ketishni istayotgan, qatorasiga omadsiz o‘yinlar girdobida qolgan kayfiyatsiz jamoadan go‘yoki yangi mavsumga kirib kelayotgan «Arsenal»ga aylanib olishdi.

«Tottenhem»da xorg‘inlik ko‘zga tashlanishi ehtimoli bor. Jamoa so‘nggi ikki turni «Manchester Yunayted» va «Liverpul»ga qarshi o‘tkazdi. «MYu» ga qarshi o‘yin nisbatan oson kechgandek tuyulsa-da, kuchli raqibga tayyorgarlik va bunday o‘yinlarda so‘nggi daqiqalargacha diqqat bilan o‘ynash ham futbolchilarni charchatadi. Buning ustiga «Nyuport» dard ustiga chipqon bo‘ldi: uch kun oldin  «Tottenhem» bu jamoa bilan Angliya kubogida takroriy o‘yinda maydonga tushishga majbur bo‘ldi. O‘yinda asosiy tarkib to‘p surmagan bo‘lsa-da, Ore, Song, Alli, Eriksen, Vanyama kabi futbolchilar maydonga tushganini ta'kidlash kerak. Shuningdek, jamoani chorshanba kuni Yevropa Chempionlar Ligasida Turinga safar kutib turibdi. Bunday vaziyatda butun fikr xayolni birgina mana shu derbiga qaratish ham Pochettinoga oson bo‘lmaydi.

Yaxshi xabarlardan, Tobi Alderveyreld uch oydan ko‘p davom etgan tiklanish jarayonida so‘ng, yuqorida tilga olingan kubok o‘yinida maydonga qaytganini aytish lozim. U va yanvarda «PSJ»dan sotib olingan Lukas Moura ham bugungi o‘yinda maydonga tushishi mumkin. «Arsenal» tarkibida esa, Danni Uelbekdan tashqari, Petr Chex ham bu o‘yinni o‘tkazib yuborishi kutilmoqda. 

NAPOLI - LATsIO (10 fevraldan 11 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)


Kuchli beshlikda hozirda chempionlik intrigasi mavjud bo‘lib turgan yagona chempionat A Seriya bo‘lib turibdi. «Yuventus» va «Napoli» o‘rtasidagi sirtqi kurash qaysidir ma'noda penaltilar seriyasini eslatib yubormoqda. Ko‘pincha, o‘z o‘yinini ertaroq o‘tkazayotgan «Yuventus» g‘alaba qozonib, peshqadamga aylanib olmoqda, natijada «Napoli»da o‘z o‘yinini yutishdan boshqa iloj qolmayapti. Mavsum boshida kattaroq farq bilan peshqadamlik qilgan neapolliklar uchun bu juda katta bosim bo‘layotganini payqash qiyin emas. Qizig‘i, «Napoli» ko‘rsatayotgan bu natijalar bilan qolgan har qanday ligada kamida 10 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lardi – chunki natijalar bo‘yicha Sarri jamoasi faqat «Barselona» va «Manchester Siti»dan ortda boryapti xolos. Lekin, nimayam qilardik, «Yuventus» boshqa ligalarda yo‘q...

Kecha «Yuventus» safarda «Fiorentina» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va 62 ochko bilan yana birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Napoli» esa endi, ancha kuchli bo‘lgan «Latsio» qarshiligini yengishga majbur.

«Latsio» uchinchi o‘rinda boryapti, peshqadamlardan ancha uzoqda, lekin «Roma» va «Inter» bilan Chempionlar Ligasi yo‘llanmalari uchun kurash olib boradi. Rimliklar qatorasiga 9 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazishdi, ammo so‘nggi turlarda «Milan» va «Jyenoa»ga imkoniyatni boy berganliklarini ta'kidlash lozim.

Statistikaga qarasak, qizig‘i, «Olimpiko»da o‘tgan so‘nggi 7 o‘yinda «Latsio» g‘alaba qozona olmagan va hatto oxirgi ikki o‘yinda «Napoli» yirik hisobda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. Ammo Neapoldagi o‘yinlarda «Latsio» muvaffaqiyatliroq to‘p suradi: oxirgi to‘rt o‘yinning ikkitasi g‘alaba qozonib, bir durang qayd eta olgan.   

ISTANBUL - FeNeRBAHChe (11 fevral, 21:00)


2009/10 yilgi mavsumda «Bursaspor» juda dramatik tarzda mamlakat chempioniga aylangandi. Bu chempionlikning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, so‘nggi 32 yilda Istanbul «bo‘rilari» - «Galatasaroy», «Beshiktosh» va «Fenerbahche» chempion bo‘la olmagan yagona mavsum bo‘lib turibdi.

Bunday holat bu yil ham takrorlanishi mumkin. «Istanbul» ham aynan shu nomli shahar vakili bo‘lsa-da, an'anaviy uchlik safida emas. «Istanbul» 1990 yilda tashkil topgan va asosan qo‘yi ligalarga to‘p surgan. 2013 yilga kelib, jamoa qarorgohi joylashgan Boshoqshehir rayoni jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi va o‘z oldiga eng yuqori o‘rinlar uchun kurashishni qo‘yadi. Nomi ham «Istanbul Boshoqshehir»ga aylangan klub Superligaga chiqqan ilk mavsumidan o‘sha maqsadga muvofiq natijalar qayd etdi va ketma-ket ikki yil kuchli to‘rtlikdan joy oldi. O‘tgan mavsumda esa, klub ikkinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Jamoa tarkibida hozirda muxlislarga tanish bo‘lgan Gael Klishi, Emmanuel Adebayor, Emre Belezo‘g‘lu, Go‘kxan Inler, Vulqon Bobojon kabi futbolchilar to‘p surmoqda. Buning ustiga, turk futboli yulduzi Arda Turon ham bu jamoa bilan 2.5 yillik ijara shartnomasi asosida to‘p suradigan bo‘ldi. 

Xullas, mana shu klub hozirda Turk Superligasida 43 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Mehmonlar esa, 38 ochko to‘plashgan va uchinchi o‘rinda borishmoqda. 2-o‘rindagi «Galatasaroy» hisobida 41 ochko mavjud. Demak bu o‘yindagi g‘alaba mezbonlarning chempionlik poygasidagi yana bir juda muhim odimlaridan biri bo‘lishi mumkin. Jamoalar o‘rtasida kechgan birinchi davradagi o‘yinda «Istanbul» safarda 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi.  

SAUTHeMPTON - LIVeRPUL (11 fevral, 21:30)


Lambert, Lallana, Klayn, Louren, Mane, Virjiyl van Deyk...  Har yili «Liverpul» «Sauthempton»ning eng yaxshi o‘yinchilarini qo‘lga kiritadi. Lekin baribir, bu jamoa liverpulliklar uchun eng noqulay raqiblardan biri bo‘lib qolaveradi. 

Esingizda bo‘lsa, ikki yil oldin Liga Kubogida «Liverpul» safarda raqibi ustidan 6:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu yirik g‘alaba jamoaga qimmatga tushdi, shundan so‘ng ketma-ket 6 o‘yinda «Sauthempton» kuchli raqibiga umuman mag‘lubiyatga uchramadi. O‘tgan yilgi Liga kubogi yarim finalini ham eslaysiz: o‘shanda «Sauthempton» har ikki o‘yinda ham «Liverpul»ni yengib, finalga chiqqandi. Nihoyat, ushbu mavsumda Klopp jamoasi an'anaga barham berdi va 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

«Sauthempton» hozirda turnir jadvalining ikkinchi yarmida va ligada qolish uchun kurashayotgan bo‘lsa-da, jamoa ko‘rsatadigan o‘yin sifati va uslubi yetakchi jamoalar uchnun juda noqulay. Jamoa ko‘p omadsiz o‘yinlarini kuchsizroq raqiblarga qarshi o‘yinlarda o‘tkazgan. Bu stadionda na «Tottenhem», na «Arsenal» g‘alaba qozona oldi. «MYu» hatto «Old Trafford»da birorta gol ura olmadi. «Manchester Siti» faqat so‘nggi soniyalarda g‘alaba golini urganini ham eslasangiz kerak. Xullas, «Sauthempton» to‘pni juda xotirjam nazorat qila oladigan va aqlli futbol ko‘rsatadigan jamoalardan biridir va «Liverpul»ga oson bo‘lmaydi.

VALeNSIYa - LeVANTe (11 fevraldan 12 fevralga o‘tar kechasi,00:45) 


«Valensiya» hozircha kuchli uchlikda bormoqda, «Levante» esa, 20 ochko bilan 17-o‘rinni band etib turibdi. «Valensiya» maydonida o‘tgan so‘nggi 3 o‘yinda mezbonlar yirik hisobda g‘alaba qozonishgan va bu o‘yinlarda «Levante» birorta ham gol ura olmagan. Lekin baribir, bu o‘yinga e'tibor bersa arziydi. Sababi, birinchidan, derbi. 
Ikkinchidan, «Valensiya»ning turnir jadvalidagi o‘rni so‘nggi yillar uchun juda yaxshi hisoblansa-da, aynan bugungi kunlarda jamoa u qadar yaxshi ahvolda emas. Jamoa qatorasiga 6 o‘yinda imkoniyatni boy berdi. To‘g‘ri, bu o‘yinlarning ikkitasi kubokda «Barselona» bilan, shuningdek, raqiblar «Atletiko» va «Real» bo‘lganini e'tirof etish kerak, ammo masalan, birinchi davrada bu raqiblarga qarshi biror o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchralmagandi. Xullas, «Barselona»ning eng yaqin ta'qibchisi maqomidagi jamoa hozir kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini ham boy berish arafasida. 4-o‘rindagi «Real» bilan oradagi farq bor yo‘g‘i 1 ochko bo‘lsa, «Vilyarreal» uch ochkolik farqni yo‘qotsa, «Valensiya» beshinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin.

«Levante» qo‘yi ligaga tushib ketmaslik uchun kurashayotgan 5-6 jamoadan biridir. Ayni paytda ularga har bir ochko suv va havodek zarur, osonlikcha mag‘lub bo‘lishni istamasliklari tabiiy. Buni jamoa o‘tgan turda «Real»ga qarshi o‘yinda namoyish qildi – ikki marta hisobda orqada borganiga qaramasdan, ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. 

Birinchi davradagi Valensiya derbisida 1:1 hisobida durang qayd etilgandi. 

Boshqa o‘yinlar

10 fevral: SPAL - MILAN (19:00), Tuluza - PSJ (21:00), MANCheSTeR SITI - Lester (22:30), BAVARIYa - Shalke 04 (22:30), ReAL M - Real Sosedad (10 fevraldan 11 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)
11 fevral: INTeR - Bolonya (19:00), Nyukasl - MANCheSTeR YuNAYTeD (19:15), BARSeLONA - Xetafe (20:15)
12 fevraldan 13 fevralga o‘tar kechasi: CheLSI- Vest Bromvich (01:00)


Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid