19:27 / 26.03.2018
19428

Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalariga yoshlar saralanmoqda

Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining buyrug‘i bilan 2018 yilda oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan yoshlarni saralash bo‘yicha qabul komissiyasi tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Nomzodlarni saralash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 yanvardagi PQ-257-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash hamda Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartiblari to‘g‘risidagi nizomlarga asosan olib boriladi.

Oliy harbiy ta'lim muassasalariga tinglovchilarni saralash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Harbiy-professional yo‘nalish;
Dastlabki tanlash;
Harbiy-professional tanlash;
Test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

Dastlab kichik komissiya tarkibi tomonidan nomzodlarning individual-psixologik sifatlari o‘rganilib, ularning jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkaziladi. Saralash ishlari viloyatlardagi mudofaa ishlari boshqarmalarida     1 apreldan 20 mayga qadar o‘tkaziladi. Nomzodlarning hujjatlari o‘rganilib, jadvalga muvofiq yakuniy tibbiy guvohlantirish, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilimi, yozma ishi (diktant) tekshiriladi.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

Nomzodlar 1 iyundan 25 iyunga qadar ikki bosqichda yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 2017 yilgacha tahsil olgan hamda shu yilning o‘zida kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlarni 15 iyunga qadar, ikkinchi bosqichda esa 2018 yil bitiruvchilarini 25 iyungacha chaqirish ishlari yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilangan test sinovlarini o‘tkazilishi hamda nomzodlarni oliy harbiy ta'lim muassasalarga qabul qilish va ularni mutaxassisligi bo‘yicha taqsimlash kabi tadbirlar belgilangan.

2018 yilda nomzodlar Mudofaa vazirligining quyidagi oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi umumqo‘shin fakulteti;
2. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti;
3. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti;
4. Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti;
5. Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy tibbiyot fakulteti.

Foto: Mudofaa vazirligi

Oliy harbiy ta'lim muassasalariga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Nomzodlar uch tildan — o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birini shaxsan tanlagan holda test sinovlari topshiradilar.

Mavzuga oid
Top