02:29 / 01.05.2018
13025

Samarqand shahrida 1 may kuni «Favvoralar sayli» qayerlarda o‘tishi ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Ayni paytda Samarqand shahrida 35 ta favvora mavjud. Ularning ikkitasi nurli-musiqali, 31 tasi nurli, ikkitasi oddiy favvoralardir. Keyingi bir yilda shaharda bitta yangi favvora qurildi, ikkitasi rekonstruksiya qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Shifokorlarning ta'kidlashicha, favvora inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Dam oluvchiga huzur baxsh etib, charchoqni chiqaradi, asabni tinchlantiradi va kayfiyatni ko‘taradi. Kechqurunlari favvora jilosiga tikilib, undan bahra olgan kishining qon aylanish tizimi va miya faoliyati yaxshilanadi. Suv bo‘yida orom olgan kishi yengil tortadi va tetiklashadi. Shu bois favvoralar atrofi bugun sevimli maskanga aylangan. Bu esa go‘zal va betakror favvora yaratish barobarida, ular atrofini ham obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishni taqozo etadi.

Bu borada ham qadimiy va navqiron shahar Samarqandda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maysazor va gulzor barpo etish, daraxtlarga shakl berish, kashtan, yapon saforasi, lola daraxti, qrim sosnasi, qora sosna ko‘chatlarini ekish va parvarishlash tajribasi shakllandi.

Favvoralar sayli Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy va Teatr maydonlarida, Amir Temur nomidagi va Universitet xiyobonlarida, Islom Karimov maydonida, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari o‘rnatilgan hududda, «Shoirlar bog‘i» va Samarqand temir yo‘l vokzali maydonidagi favvoralar atrofida o‘tkaziladi.

1 may kuni soat 16:00 dan boshlab ushbu maskanlarda taniqli san'atkorlar, yosh ijrochilar, badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari ta'minlanadi. Opera va balet sahnalari ko‘rinishlari ham namoyish etiladi, ommaviy raqs, turli viktorina va tanlovlar, bellashuvlar o‘tkaziladi. Xalq sayllari tashkillashtiriladi.

Sayllar o‘tkazilayotgan favvoralar oldida taniqli shoirlar o‘z she'rlari bilan chiqish qiladi, favvoralar atrofida taniqli musavvirlar yosh rassomlar uchun master-klasslar o‘tadi.

Top