O‘zbekiston | 00:38 / 06.05.2018
6610
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat hokimi faxriylarga prezident tabrigini o‘qib berdi

Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining xonadonlariga borib, prezident sovg‘alarini topshirdi. Bu haqida Kun.uz’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati ma'lumot berdi.

Samarqand shahrida istiqomat qilayotgan Galina Juravlyova urushning og‘ir damlarini boshidan kechirgan millionlab insonlarning biri. Yosh qizaloq fashizmga qarshi kurashda aloqachi sifatida xizmat qilib, erishilgan g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. Uning ko‘rsatgan mardligi ko‘ksini orden va medallarga to‘ldirib turibdi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Viloyat hokimligi, jamoatchilik vakillari, yoshlar onaxonning xonadoniga tashrif buyurishib, u kishiga davlatimiz rahbarining bayram sovg‘alarini topshirdi. Viloyat hokimi prezidentimizning Galina Juravlyovaga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shaharning «Marhabo» mahallasida umrguzaronlik qilayotgan 92 yoshli Yevgeniy Soldatov hayotining shirin damlari urush yillariga to‘g‘ri keldi.  Qonli janggohlarda fashistlarga qarshi kurashdi. Bugun o‘sha damlarni u achchiq xotiralar bilan yodga oladi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati

Turobjon Jo‘rayev Yevgeniy Soldatovga ham prezident sovg‘alarini topshirib, bayram tabrigini o‘qib berdi.

Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas. Yurt tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati esa har qancha e'zozga munosib. Ikkinchi jahon urushining suronli janggohlaridan omon qaytib, yurtimiz taraqqiyotiga fidokorona mehnat qilib, ayni chog‘da davlatimiz e'tiborida umrguzaronlik qilayotgan ota-bobolarimizning ko‘rsatgan jasorati ana shunday ta'rifga munosib.

Mavzuga oid