O‘zbekiston | 22:00 / 07.03.2019
9504
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqi Prezidentning rasmiy saytida e'lon qilindi.

«Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!

Hurmatli do‘stlar!

Bugun mana shunday dilbar, qutlug‘ bahor ayyomida siz, munis onalarimiz, hurmatli opa-singillarimiz, suluv qizlarimizni o‘zlaringiz kabi go‘zal bayramingiz — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Sizlarning timsolingizda butun O‘zbekiston xotin-qizlarini tabriklab, barchangizga chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Qadrli yurtdoshlar!

Hammamiz yaxshi tushunamiz, «Mehr — hayotning ustuni», degan so‘zlarda chuqur ma'no va mazmun mujassam.

Bu haqda gapirganda, muqaddas ona, ayol zoti — chinakam mehr bulog‘i, mehr quyoshi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Shu quyosh bor ekan, mehr-oqibat, ezgulik va adolat, vafo va sadoqat kabi buyuk qadriyatlar necha asrlardan buyon bezavol yashab kelmoqda.

Shu bois bugungi quvonchli ayyomda avvalo dunyoda «fidoyi» degan so‘zga eng munosib bo‘lgan Ona siymosi oldida ta'zim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz ko‘rki bo‘lmish aziz ayollarimiz sha'niga eng go‘zal tilaklarimizni izhor etamiz.

Yer yuzida so‘z va soz san'ati, shoiru hofiz, rassom va haykaltarosh paydo bo‘libdiki, ona va ayol zoti yuksak pardalarda tarannum etib kelinadi. Ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov aytganlaridek, «Olamda ayol madhiga doston tugamaydi». Chunki, ayol siymosi Yaratganning tengsiz mo‘jizasi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qoladi.

Bizga mana shu yorug‘, go‘zal olamni yanada go‘zal va yorug‘ qilib turganlaringiz uchun katta rahmat sizlarga!

Biz — O‘zbekistonning mard o‘g‘lonlari, er yigitlari siz, azizlarga bo‘lgan hurmatimiz, mehr va muhabbatimizni oilalarimiz, el-yurtimiz hayotini yanada obod va farovon qilishga qaratilgan amaliy ishlarimiz bilan izhor etishga intilmoqdamiz. 

Biz xalqimiz roziligini avvalo, siz, muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz. Sizlarning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli bo‘lib yashashinǵizni amalga oshirayotgan barcha-barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi va mezoni deb bilamiz. Bu yo‘lda erishgan natijalarimiz faqatgina birinchi qadamlar bo‘lib, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, duolaringiz, hech shubhasiz, bizga cheksiz kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi», — deyiladi prezidentning xotin-qizlarga yo‘llagan tabrigida.

Tabrikning to‘liq matni bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Mavzuga oid