13:34 / 11.06.2018
13683

Sotuvchining “sehr”li so‘zi bo‘lmasa...

Sotuvchining, avvalambor, tili shirin bo‘lsin! Nima dedingiz? Do‘konga kirsangiz, ular sizni xushmuomala bilan kutib olishsa, biror narsa xarid qilishingiz yoki qilmasligingizdan qati nazar, yana ochiqko‘ngillik bilan kuzatib qolishsa. Qanday ajoyib bo‘lardi! Shu do‘konga yana kirgingiz kelaveradi! Balkim, u qimmat do‘kondir, ammo siz xaridlaringizni shu yerda qilasiz. Xodimlarning shirin muomalasi ohanraboday o‘ziga tortaveradi. Vaqtingiz bemalol bo‘lsa, ba'zida ikki og‘iz gurung uchun ham yana kelasiz. Bahonada rejangizda bo‘lmagan buyumni sotib olib, sotuvchi bilan yana qadrdonlashaverasiz. Ana shunaqa! Bu bir taktika.

Rivojlangan davlatlarda supermarketlar egasi  sotuvchi o‘rniga olayotgan xodimdan, avvalo, muomala madaniyatini talab qilishi ham shundan. Internetda ko‘zim tushgandi. Shveytsariyada har yili musobaqa o‘tkazilar ekan. Sotuvchilar musobaqasi. Eng ko‘p “sehr”li so‘zlarni (“marhamat”, “kechirasiz”, “rahmat” va hokazo) bilgan va ularni o‘rnida qo‘llay oladigan sotuvchi musobaqa g‘olibiga aylanadi va katta mukofotni qo‘lga kiritarkan. Bu balki, arzimas voqeadek tuyular. O‘rni kelganida aytdim-qo‘ydim-da.

Foto: pixabay

Faktlarga e'tiboringizni qaratsak. 2018 yilning birinchi choragi davomida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy birlashmasiga savdo xizmatini ko‘rsatish sohasidan 86ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Ular, albatta, ijobiy hal etilgan. E'tiborimizni tortgan jihati, ularning hammasida savdo xodimlari chek bermaganlari yoki buyumni almashtirishga rozi bo‘lmaganliklaridan tashqari, albatta, xaridorlarga qo‘pol muomalada bo‘lishadi. Ko‘ngli og‘rigan kishilar tashkilotga murojaat qilishadi. Qo‘polligi, ya'ni ma'naviy zarar uchun chora ko‘rish bizning vakolatimiz doirasiga kirmasligi uchun sudga da'vo arizasi kiritish lozimligini aytsak, andishali xalqmiz-da, darrov fikrlaridan qaytishadi. “Mayli, nosoz mahsulotni almashtirib bersangiz bo‘ldi, ularni Xudoga soldim”, deb qo‘ya qolishadi.  Bu haqiqat.  Yoki ayrim do‘konlarda ko‘rinarli joylarga katta e'lon osib qo‘yilgan. Unda nima yozilganini taxmin qilayotgandirsiz. Ha, shunday. “Sotilgan buyumlar qaytarib olinmaydi!”. Bu holat hamma savdo do‘konlariga tegishli emas, albatta. O‘zini hurmat qilgan tadbirkor bunday qilmaydi, ochiqdan ochiq qonunga qarshi bormaydi. Bu endi boshqa masala.

Muomala madaniyati haqida gaplashayotgandik. “Siyob dehqon bozori”ni bilmaydigan kishi yo‘q. Sharqona bozor deyilganda, ko‘z oldimizga, avvalambor, shu maskan keladi. Zamonaviy, hamma qulayliklarga ega, yetti iqlimdan savdogarlar-u, mehmonlar kelib ketadigan ko‘hna va fayzli makon.

Foto: O‘zA

Aslini olganda, Samarqandga qadami yetgan kishi bozorga kirmay vataniga qaytmaydi. Hududiy birlashmaga 2 oy ichida bu bozorlar tarmog‘iga qarashli (“Yangi bozor”) savdo do‘koni xodimlari ustidan 2 marta shikoyat arizasi tushgan. Misol uchun, shu yerlik Ruxsora Obloqulova savdo muassasasi hududida joylashgan do‘kondan ukasi uchun yozlik oyoq kiyim xarid qiladi. Shu kuniyoq do‘konga kelib, uni almashtirmoqchi yoki pulini olmoqchi bo‘lganida, do‘kon sotuvchilari tomonidan ranjitilgach, tashkilotga shikoyat qildi. Shikoyat o‘rganildi, dastlab sotuvchi otdan tushsa-da egardan tushishni xohlamagan, huquqshunoslarimiz savdo xodimiga qonun talablarini tushuntirishgach, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi. Ruxsoraga puli qaytarildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, arzimas matohni deb birovning ko‘ngliga ozor berib, qalbini jarohatlash odamgarchilikdan bo‘lmaydi. Ko‘nglimizni avaylashni o‘rganaylik. Zero, Hazrat Navoiy ta'kidlaganlaridek, KA'BANI VAYRON QILIShDeK, birov qalbiga ozor berib, so‘ng afsuslangandan ne naf?

Gulchehra Berdiyorova

Mavzuga oid
Top