10:45 / 26.06.2018
5620

O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipov vafot etdi

Bugun, 26 iyun kuni O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipov 80 yoshida vafot etdi. 

Aktyor 1937 yilda Toshkentda tavallud topgan. 1963 yilda u A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgan.  

Husan Sharipov faoliyati davomida bir qancha joyda samarali mehnat qildi, san'at yo‘nalishida talabalarga tahsil berdi. Masalan, 1959-1991 yillarda Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama teatrida aktyor bo‘lib ishlash bilan bir vaqtda, 1980-1985 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutida pedagoglik qildi. 1985-1988 yillarda Muqimiy teatri direktori, 1990-1995 yillarda O‘zbekiston teleradiokompaniyasida, 1995 yildan O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasida faoliyat yuritdi. 

Aktyor kino sohasida ham qator obrazlarni gavdalantirdi. Ularga “Suyunchi”dagi Shermat, “Maysaraning ishi”dagi xoji A'lam, “Vodiyllik kelin”dagi Husan aka, “Marhumning hurmati”dagi Avtobaza direktori , “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Husan, “Buvimni qaytaring”dagi Ilhom va boshqa komik obrazlarni misol qilib keltirish mumkin. 1968 yildan beri O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan teleminiatyuralar teatrining ishtirokchilaridan biri bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top