O‘zbekiston | 18:20 / 02.07.2018
13631
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Puchon universitetining tashkil etilishidan qanday natijalar ko‘zlanmoqda?

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori oliy ta'limga qo‘yiladigan umumiy e'tirof etilgan xalqaro talablarga muvofiq respublikada yuqori malakali oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlashni tashkil etish, mamlakat maktabgacha ta'lim muassasalarida ko‘p yillar davomida oliy ma'lumotli pedagog va tarbiyachilarning yetishmovchiligini to‘ldirish, innovatsion va xalqaro ta'lim muhitini shakllantirish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan uzoq muddatli samarali munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan mamlakatning maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari to‘g‘risida bundan oldingi xabarda ma'lumot berildi.

Ushbu qaror amalga oshirilishi yakunlari bo‘yicha quyidagi natijalarga erishiladi:

Birinchidan, maktabgacha ta'lim tizimini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash;

Ikkinchidan, respublika maktabgacha ta'lim tizimiga zamonaviy ta'lim texnologiyalari asosida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish, ochiq axborot-ta'lim muhiti rivojlanishiga ko‘maklashish;

Uchinchidan, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini,   ta'limning texnik va axborot vositalarini ta'lim jarayoniga samarali joriy etish hamda uning xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini ta'minlash;  

To‘rtinchidan, respublikada maktabgacha ta'lim tizimi rivojlanishiga ko‘maklashish, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, ishlab chiqarish tashkilotlari, sanoat va infratuzilma tarmoqlari o‘rtasida mustahkam o‘zaro hamkorlik o‘rnatish;

Beshinchidan, pedagog kadrlarning malakasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish,   maktabgacha ta'lim tizimida uzluksiz metodik ta'minlashning normativ-xuquqiy bazasini mustaxkamlash.

Ushbu qarorning amalga oshirilishi maktabgacha ta'lim tizimini oliy ta'lim sifatiga qo‘yiladigan umumiy e'tirof etilgan xalqaro talablarga muvofiq yuqori malakali pedagogik kadrlar bilan ta'minlaydi, innovatsion va xalqaro ta'lim muhitini shakllantirish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim munosabatlari bilan uzoq muddatli samarali munosabatlarni yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Mavzuga oid