15:54 / 27.07.2018
21652

Avtobuslar endi yonmaydi...mi?

Foto: publika.uz

O‘quvchilar tomonidan jamoat transportidan foydalanish borasida  yo‘llangan savollarga «Toshshahartransxizmat» AJdan javob xati keldi, deb yozmoqda «Oila davrasida» nashri.

— Yozning jazirama kunlarida avtobus saloni juda isib ketadi. Tiqilinch va issiqdan yo‘lovchilarning, ayniqsa, keksa va nogironlarning mazasi qochib qolishi ham kuzatilgan. Ilgariroq jamoat transportiga konditsioner qo‘yish imkoni yo‘qligi ma'lum qilingandi. Ammo bugungi  texnologiyalar rivojlangan bir paytda salonga mini-ventilyatorlar o‘rnatish imkoni bormi?

— Avtobuslarga ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan ko‘rsatilmagan qo‘shimcha elektr jihozlarini o‘rnatish yong‘in va harakat xavfsizligiga raxna solishi sababli konditsioner yoki ventilyatorlar o‘rnatish maqsadga muvofiq emas. Hozirgi kunda shahrimiz aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida, Samarqandda ishlab chiqarilayotgan konditsioner bilan jihozlangan 80 dona o‘rta sig‘imli «LE-60» rusumli avtobusiga shartnoma tuzilgan. Ular 2018 yilning III chorak oxirlari va IV chorak boshlariga olib kelinishi hamda yo‘nalishlarga chiqarilishi rejalashtirilgan. Kelgusida xarid qilinadigan barcha katta va o‘rta sig‘imli avtobuslar zavodning o‘zida konditsioner bilan jihozlangan holda keltiriladi.

— O‘tgan yillar tajribasidan ma'lumki, poytaxt ko‘chalarida «Mercedes-Benz» avtobusining bir necha marta yonib ketishi qayd etildi. Buning sababi aniqlanib, uni keltirib chiqaruvchi holatlar bartaraf etildimi?

— «Mercedes-Benz» avtobuslarining yonib ketishi sabablari mutaxassislar tomonidan tekshirilganda, yong‘in aksariyat holatda yuqori bosimli shlang yorilib ketishidan kelib chiqqani aniqlandi. Yong‘in chiqishining oldini olish maqsadida barcha avtobuslarning yuqori bosimli shlanglari metall quvurlarga almashtirildi.

— Favqulodda holatlarda, xususan, yong‘in chiqqan paytda yo‘lovchilarning harakatlanishi yo‘riqnoma tablosi avtobuslarda mavjud emas. Odatda, yong‘in yoki avtohalokat paytida yo‘lovchilar tahlikaga tushib, tezroq chiqish harakatidagilar oyog‘i ostida qolib ketadi. Bunday paytda yo‘lovchilar salonni qanday tartibda tark etishi lozim? Haydovchining vazifasi nimadan iborat?

Yong‘in sodir bo‘lganda haydovchi zudlik bilan quyidagilarni amalga oshiradi:

● avtobusning barcha eshiklarini ochib, yo‘lovchilarni zudlik bilan avtobus salonidan xavfsiz hududga ko‘chirish;  
● yong‘in xavfsizligi xizmatiga xabar berish;
● yong‘in xavfsizligi xizmati kelguniga qadar sarosima vaziyatning oldini olib, yo‘lovchilarni va moddiy boyliklarni qutqarish ishlarini tashkil etish, boshlang‘ich -alangani birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan o‘chirish choralarini ko‘rish;
● tan jarohati olganlar bo‘lsa, Tez tibbiy yordamni chaqirish va zarur holatlarda ularga tibbiy yordam ko‘rsatish;
● yo‘lovchilar yong‘indan hosil bo‘lgan tutundan himoyalanish maqsadida ho‘l dastro‘moldan (sochiq) foydalanishi, ya'ni og‘iz va burunni yopib nafas olish maqsadga muvofiq.

— Yaqinda Toshkent shahar IIBB YHXB avtobus haydovchilari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi haftalik ma'lumotlarni «Toshshahartransxizmat»ga tegishli choralar ko‘rishi uchun berishi aytilgandi. Bu hamkorlik boshlandimi?

Joriy yilda «GPS» tizimi orqali olingan ma'lumotlar asosida haydovchilar tomonidan sodir etilgan, tezlikni me'yoridan oshirish qoidabuzarliklari bo‘yicha kunlik ma'lumotlar jamiyat Nozimlik xizmati tomonidan, Toshkent shahar IIBB YHXBga taqdim etilib, doimiy ravishda profilaktika ishlari olib borilayotgani, qoidabuzar haydovchilarga nisbatan keskin intizomiy-ta'sir choralari ko‘rilayotgani tufayli, tezlikni me'yordan oshirish holatlari keskin kamayishiga, hattoki bir necha avtobus saroylarida tezlikni oshirish holatlari aniqlanmagani kuzatildi.

Top