20:35 / 04.08.2018
14436

Sayyohlarga hujumni ID niqobi ostida Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi a'zolari amalga oshirgan – Tojikiston bosh prokuraturasi

Foto: Facebook / Rahmatova Zuly

Tojikiston bosh prokuraturasi saytida berilgan bayonotga ko‘ra, Dang‘ara tumanida xorijlik sayyohlarga hujumni avvaldan ishlab chiqilgan reja asosida «Islom davlati» niqobi ostida «Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi» ekstremistik-terrorchi tashkiloti a'zolari amalga oshirishgan.

Tergovda aniqlanishicha, teraktni xorijda ishlab chiqilgan reja asosida Islom uyg‘onish partiyasi ekstremistik-terrorchi tashkiloti a'zolari - Panj tumanida yashagan Husayn Abdusamadov, Asomidin Majidov, Zafar Safarov va Nurak shahrida yashagan Asliddin va Jafar Yusupovlar amalga oshirishgan.

Ular 29 iyul kuni Dang‘ara tumanining Safobaxsh qishlog‘ida velosipedda ketayotgan xorijlik sayyohlar ustiga mashinada bostirib borishadi, so‘ngra pichoq va boltalar bilan sayyohlarga og‘ir tan jarohatlari yetkazishadi va qochib ketishadi. Hujum oqibatida to‘rt nafar xorijlik: ikki nafar AQSh hamda Niderlandiya va Shveytsariya fuqarolari halok bo‘lgan. Yana ikki nafar Shveytsariya fuqarosi kasalxonaga keltirilgan.

29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi jinoyatchilarning yashiringan joyi aniqlangan va guruh boshlig‘i Husayn Abdusamadov qo‘lga olingan. Guruhning yana to‘rt nafar a'zosi qo‘lga olish chog‘ida qurolli qarshilik ko‘rsatishgani sababli yo‘q qilingan.

Tergovda aniqlanishicha, jinoiy guruh terrorchilik harakatini Islom uyg‘onish partiyasining faol a'zosi bo‘lgan Nosirxo‘ja Ubaydovning buyrug‘i asosida amalga oshirgan.

Ushbu jinoiy guruhning «Islom davlati» terrorchilik tashkilotiga sodiqligi haqida qasam ichayotganligi tasvirlangan  internetda tarqalgan videolavha esa mazkur terrorchilik harakatining asosiy buyurtmachisi bo‘lgan Islom uyg‘onish partiyasiga nisbatan gumon tug‘ilmasligi uchun uyushtirilgan.

Tergov jarayonida ushbu guruh bilan aloqadorligi aniqlangan yana o‘n kishi qo‘lga olingan.

Top