10:32 / 19.09.2018
5556

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatida 169,7 mlrd so‘mlik kamchiliklar aniqlandi

Foto: KUN.UZ

Jizzax viloyati davlat soliq organlari tomonidan 2018 yil 1 sentabrga qadar o‘tkazilgan kameral nazorat tadbirlari natijasida 29 ming 961 holatda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatida jami 169,7 milliard so‘mlik kamchiliklar aniqlandi, deb yozmoqda O‘zA.

Kameral nazorat natijasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha soliq to‘lovchi sub'yektlarga soliq va majburiy to‘lovlar qo‘shimcha hisoblanishi ko‘rsatilgan talabnomalar berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 70-moddasiga muvofiq, kameral nazorat, soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida davlat soliq xizmati organida mavjud boshqa ma'lumotlarni o‘rganish hamda tahlil etish asosida soliq to‘lovchining huzuriga bormagan holda amalga oshiriladi. 

Baxmal tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida kameral nazoratdan o‘tkazilgan 80 korxonadan 75 tasida muayyan kamchilik aniqlandi. Kamchilik aniqlangan korxonalarga nisbatan qo‘shimcha hisoblangan soliq va majburiy to‘lovlar summasi 2 milliard 390 million 800 ming so‘mni tashkil qildi. 

Qo‘shimcha hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning 1 milliard 844 million so‘mi tuman xalq ta'limi bo‘limi hisobchilari tomonidan ishchi-xizmatchilarning ish haqidan hisoblanadigan daromad solig‘i hisobotlarini taqdim etishda yo‘l qo‘ygan xatoliklari oqibatida kelib chiqqani ma'lum bo‘ldi. Ushbu muassasaga to‘lanmagan soliqning qolgan qismini to‘lash yuzasidan talabnoma berilib, boshqa xatoga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirildi. 

Bu nazoratni bevosita soliq to‘lovchi sub'yektga borib hujjatli amalga oshirish soliq inspeksiyasi idorasidan ham, xalq ta'limi bo‘limidan ham qo‘shimcha kuch va vaqt talab etishdan tashqari jarima va boshqa javobgarlik jazo choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi ma'lum. Kameral nazoratning afzalligi tufayli bu ish oson kechdi. 

– Nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini cheklash tamoyillaridan kelib chiqib, davlat soliq inspeksiyalari tomonidan kameral nazorat usuli keng qo‘llanilmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘'basi boshlig‘i H.Fozilov. – Kameral nazorat xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga xatolarni o‘z vaqtida tuzatish hamda moliyaviy jarimalar qo‘llanilishining oldini olishga yordam beryapti. Yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan kameral nazoratlar natijasida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 18 ming 165 holat yuzasidan 126,3 milliard so‘mlik qayta hisob-kitoblar taqdim etildi. 

Soliq to‘lovchilar tomonidan soliq qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ma'muriy, jinoiy va moliyaviy jazo choralarining oldini olishda, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida to‘liq hajmda tushishini ta'minlashda kameral nazoratning ahamiyati ortib bormoqda. 

Top