18:36 / 29.10.2018
9827

Iqtisodiy sudlar tomonidan qaysi viloyatlarda eng ko‘p ish ko‘rilgani ma'lum qilindi

Foto: Pixabay

2018 yilning to‘qqiz oyi mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 323 983 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shunda da'vogarlar foydasiga 8,8 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,1 foizga oshgan.

O‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta'sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya'ni 206 918 tasi bevosita joylarda, ya'ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. 

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 2 504 tasi videokonferentsaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 1,5 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoya qilishga oid 32 097 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 772,7 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, ijara, pudrat, kredit, lizing, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 227 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 142 ta qaror bekor qilindi va 42 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

Mavzuga oid
Top