15:56 / 08.12.2018
8692

Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga saylash huquqi berilishi mumkin

Foto: tkgorod.ru

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi.

«Yana bir muhim masala – xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik va  bag‘rikenglik tamoyillari asosida jazoni o‘tayotgan shaxslarning haq-huquqlarini ta'minlash tizimini ham takomillashtirish vaqti keldi», - dedi davlat rahbari.

Ma'lumki, Konstitutsiyada barcha fuqarolarning ta'lim olish huquqi kafolatlangan. 

«Shuni inobatga olgan holda, mahkum shaxslarning kelgusida ijtimoiy hayotga moslashuvi uchun ko‘mak berish maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida masofadan turib ta'lim olish tizimini joriy etish lozim. 

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning saylash huquqini cheklovchi normalarni kelgusida xalqaro me'yorlar asosida qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq», - deya aytib o‘tdi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 20 mingdan ziyod fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarilgani xabar berilgandi.

Top