22:26 / 04.01.2019
5232

O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi faoliyatiga ikki yil to‘ladi

O‘zbekistonda sportning ekstremal turlari tobora ommalashmoqda. 6 yanvar kuni tashkil topganiga ikki yil to‘luvchi O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi oxirgi ikki yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi ostida qator ishlarni amalga oshirdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Foto: Kamil Yenikeyev

Federatsiya raisi Tohir Soliyev bergan ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida 325 marta aerostatlar (havo sharlari) parvozi amalga oshirilgan. Ularda 2130 dan ortiq kishi ishtirok etgan, bulardan 500 nafarga yaqini – bolalar, 200 nafar bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, kam ta'minlangan oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar ham shular jumlasidandir. Ushbu parvozlar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida amalga oshirilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy obidalari uzra 17 erkin parvoz qayd etilgan. Aeronavtika Federatsiyasi vakillari 30 dan ortiq yirik xalqaro va Respublika tadbirlarida ishtirok etishgan.

O‘zbekistonning 250 mingdan ziyod fuqarosi ilk marta milliy logo tushirilgan havo shari parvozining guvohi bo‘ldi.

Shu bilan birga, Aeronavtika Federatsiyasi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

·      Uch xalqaro festivalda ishtirok etildi. Ushbu festivallar 2018 yilning 5-10 sentabr kunlari Qozog‘istonning Chimkent shahrida va ikki marta Dushanbe (Tojikiston)da bo‘lib o‘tdi;

·      Shahrisabz (Qashqadaryo viloyati)dagi I Xalqaro Maqom san'ati festivalida qatnashildi;

·      Mo‘ynoq shahrida o‘tkazilgan “Stixiya” I elektron musiqa festivalida ishtirok etildi;

·      Aerostatlarda parvoz uchun 4 uchuvchi tayyorlandi;

·      Jismoniy jihatdan imkoniyati cheklangan kishilar tomonidan tayyorlangan tovarlar namoyish etilgan I Xayriya yarmarkasida qatnashildi;

·      Shveytsariyalik hamkorlar (Piter Blazer va uning jamoasi) bilan birgalikda birinchi marta “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab I havo shari ekspeditsiyasi” o‘tkazildi. Ekspeditsiya yakunlariga ko‘ra, videorolik tayyorlandi va 2019 yil uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat taqvimi tuzildi;

·      Xiva shahrida Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar, ota-onasiz bolalar uchun bepul parvozlar tashkil etildi;

·      Buxoro shahrida Buxoro viloyati hokimligi bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun bepul parvozlar tashkil etildi, Buxoro kuni festivalida ishtirok etildi.

Bundan tashqari, havo sharlari parvozi vaqtida 17 marta turmushga chiqish taklifi bildirilgan. Aerostatlar 4 to‘y tantanasida ishtirok etgan.

Mavzuga oid
Top