11:52 / 24.02.2019
13936

Bolton Venesuela armiyasiga ultimatum qo‘ydi

Foto: AFP

Agarda Venesuela harbiylari «demokratiya tarafiga o‘tmasa» mamlakat yangi sanksiyalarga duch kelishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Twitter sahifasida ma'lum qildi.

«Venesuela harbiylarida tanlash imkoni bor: demokratiyani qabul qilib, tinch aholini himoya qilish va gumanitar yordam yetkazib berilishiga yo‘l qo‘yish yoki yanada katta sanksiyalar va izolyatsiyaga duch kelish», — deb yozdi Bolton.

U tvitiga Reuters xabarini havola qildi. Agentlik o‘z manbasiga tayanib, Oq uy Karakasga qarshi yangi sanksiyalar kiritishi haqida xabar bergandi. 

Venesuelaga gumanitar yordam berish o‘zini mamlakat prezidenti deb e'lon qilgan Xuan Guaydo boshchiligidagi muxolifat tomonidan tashkil etilgan. Venesuela rasmiy hukumati buni muxolifatning ig‘vogarligi deb atamoqda hamda ularni va AQShni gumanitar yordam niqobi ostida mamlakatga qurol olib kirishga urinishda ayblamoqda.

Mamlakat hukumati Braziliya bilan chegarani yopib qo‘ygan. Kolumbiya bilan chegarada esa Nikolas Maduro buyrug‘i bilan harbiylar faollarga qarshilik ko‘rsatmoqda. Gumanitar yordam joylangan bir nechta yuk mashinalari yondirib yuborilgan.

Bir oz avval esa Kolumbiya hukumati Venesuela bilan chegara yopilganini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Venesuelada siyosiy inqiroz
Venesuela prezident Nikolas Maduroga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari girdobida qoldi. 23 yanvar kuni, ushbu namoyishlar avjiga chiqqan vaqtda Venesuela parlamenti rahbari Xuan Guaydo o‘zini mamlakatning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi
Barchasi
Mavzuga oid
Top