Jahon | 09:00 / 25.02.2019
24853
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda 2018 yilda rekord sonda tinch aholi halok bo‘ldi 

Foto: Ghulamullah Habibi/EPA, via Shutterstock

2018 yilda Afg‘onistonda harbiy harakatlar oqibatida 3,8 ming kishilik tinch aholi halok bo‘ldi, yana 7,1 ming kishi yaralangan. Bunday ma'lumotlar BMTning Afg‘onistonga ko‘mak berish missiyasi va inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari hisobotida keltirilgan. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, qurbonlar soni 2017 yilga nisbatan 11 foizga ko‘paygan. Qurbonlar va jabrlanuvchilar umumiy soni esa deyarli 11 ming kishini tashkil qilgan va bunday ma'lumotlar hisobga olib borilishi boshlangandan beri rekord qiymat bo‘ldi.  

Ma'lum qilinishicha, qurbonlarning 63 foizi hukumatga qarshi kurashuvchi kuchlar, jumladan “Tolibon” va IShID hujumlari oqibatida halok bo‘lgan. Shuningdek, terrorchi-xudkushlar hujumi va havo operatsiyalari ko‘plab umrlarni olib ketgan.

“Afg‘onistonda tinch aholiga yetkazilgan ziyon darajasi chuqur xavotirni uyg‘otadi va mutlaq yo‘l qo‘yib bo‘lmasdir”, deb aytgan BMT bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili. U tinch aholi orasida qurbonlarning yanada ko‘payishini to‘xtatish uchun choralar ko‘rishga chaqirgan.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” jangarilari qarama-qarshiligi davom etmoqda, bundan tashqari IShID ta'siri kuchayib bormoqda. Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari terrorchilikka qarshi butun mamlakat bo‘ylab muntazam operatsiyalar o‘tkazib keladi.

Mavzuga oid