«O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup» yoki jizzaxlik o‘qituvchilarning «So‘g‘diyona»ga o‘tkazilgan pullari qayerga yo‘qoldi?
O‘tgan yilning kuzida Jizzax viloyatida o‘qituvchilardan mahalliy «So‘g‘diyona» futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 272,15 mln. so‘m miqdorida mablag‘ yig‘ilgani aniqlangandi.
Shundan so‘ng, Xalq ta'limi vazirligining rasmiy saytida vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati aralashuvi bilan o‘qituvchilar tomonidan «So‘g‘diyona» klubiga «xayriya» qilingan mablag‘lar qaytarilayotgani ma'lum qilindi.
«O‘raga sichqon tushdi — guldur-gup», deyishadi. Kimlarningdir befarqligi, loqaydligi oqibatida bu pullarning bir qismi ortga qaytmagan, viloyatning Yangiobod tumanidagi o‘qituvchilar o‘z pullarini qaytarib ololmagan, bu pullar qaysidir «o‘ra»ga singib ketgan.
Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan yangiobodlik bir guruh o‘qituvchilar 5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, «So‘g‘diyona» klubiga o‘tkazilgan pullar haliyam qaytarilmaganini va bu haqda ular bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishgani befoyda bo‘lganini aytishdi.
Aslida nima bo‘lgan edi?
2018 yilning 2 noyabrida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning «So‘g‘diyona» professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F sonli farmoyishi qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 3–4 noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilib, hashar doirasida boshqarmalar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari «So‘g‘diyona» klubi hisob raqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilangandi.
Ushbu farmoyishga ko‘ra, Jizzax viloyat boshqarmasi tasarrufidagi 10ta tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta'lim maktab ishchi-xodimlaridan jami 272 156 729 so‘m miqdoridagi mablag‘ o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga zid ravishda qabul qilingan ushbu farmoyish oradan ko‘p o‘tmay, hokimning 2018 yil 10 noyabrdagi 369-F-sonli farmoyishi bilan bekor qilindi.
Shundan so‘ng, Xalq ta'limi vazirligi «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga noqonuniy o‘tkazilgan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rilgani, barcha o‘qituvchilarga oylik maoshidan ushlab qolingan bir kunlik ish haqlari qaytarilayotgani haqida ma'lum qildi.
«O‘qituvchining oylik maoshi oshirildi, ularga bir qancha imtiyozlar yaratilyapti... Bu kabi gaplar bugun ko‘pchilikning tilidan tushmaydigan mavzuga aylandi. Bilasizmi, o‘qituvchining ham yelkasiga oftob tegadigan kunlar kelganidan xursandmiz. Lekin yig‘a-yig‘lar va o‘qituvchiga «pastroq» nazar bilan qarash ayrim rahbarlarda saqlanib qolgan, desam adashmayman. Hozir salgina haqqingni talab qilsang, darrov yuzingga tap tortmasdan «bundan ikki yil oldin g‘ing demay aytgan ishni qilarding-ku?», deyishadi.
Zamon o‘zgardi, odamlarning dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Nega ayrim rahbarlarimiz o‘zgarishni istashmaydi? Jizzaxliklarga ular kutgan natijani, g‘alabani olib kelolmaydigan «So‘g‘diyona» futbol jamoasi hisob raqamiga o‘tkazilgan pullar dom-daraksiz yo‘qolganini qanday izohlash mumkin?
Naqd 21 million 600 ming so‘m hozirda qaysi hisob raqamidaligini hech kim bilmaydi. Yozma va og‘zaki murojaatlarimizga esa bir xil javob berilmoqda: «o‘rganilyapti, tekshirilyapti...». Aniq javob beradigan mardning o‘zi yo‘q. O‘qituvchilar esa sarson.
Qizil yarim oy jamiyati, Toza hudud, iste'molchilarni himoya qilish jamiyati... va hokazo deyishadi. Ishqilib, o‘sha oshgan oylik maoshniyam bir amallab eski holiga keltirishadi.
Qo‘limda tumanimizdagi barcha maktablarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning 100dan ortiq ariza va tilxatlari turibdi. Ularning mazmuni bir xil: «pullarimiz qaytarib berilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz». Men Yangiobod tumani prokuraturasiga yozma murojaat bilan chiqdim, ammo hali tayinli javob olmadim», — deydi Yangiobod tumani XTB rahbari muovini Elyor Muxtorov.
«Shu sohada 27 yildan beri mehnat qilaman, tumandagi 12-umumta'lim maktabda boshlang‘ich sinflarga dars beraman. Jizzax viloyati hokimining farmoyishi chiqqanidan so‘ng maktabimizda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Maktab direktori boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga pul o‘tkazish to‘g‘risida so‘z bordi. Men darhol qarshiligimni bildirgandim, lekin fikrim inobatga olinmadi.
Keyin bilsam — yig‘ilishdan avval pullar allaqachon bizning roziligimizsiz ushlab qolingan ekan. Nima ham derdik, «ko‘pga kelgan to‘y-da», deya indamay qo‘ya qoldim. Ammo ma'lum fursat o‘tib, shov-shuv ko‘tarildi. Pullar qaytariladi, deyishdi. Eshitib xursand bo‘ldik. Mana, oradan besh oy o‘tdi, haliyam kutyapmiz... Kimga borsang eshitadi, lekin aniq javobning o‘zi yo‘q. Yangiobod tuman adliya bo‘limiga murojaat bilan chiqdik. Bizga o‘zlaring rozi bo‘lib bergan ekansiz, degan mazmunda javob qaytarishdi. Gap rozi bo‘lish yoki rozi bo‘lmaslikda emas, pullar qaytishi kerak edi, ammo bu savolga hamma yelkasini qisadi. Kutayapmiz, natija bo‘lib qolar», — deydi Erkin Mirzayev.
«Tumandagi 4-umumta'lim maktabida yetakchi bo‘lib ishlayman. Maktabimizdagi 35 nafar xodimdan 3 mln 50 ming so‘m pul «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga o‘tkazilgan. Mendan ham 66 ming so‘m ushlab qolingan. Hokim farmoyishi bekor qilinganidan keyin biz ham jamoamiz bilan pullar qaytarilishini kutgandik. Afsuski, unday bo‘lmadi. Men joriy yilning yanvar oyida Respublika prokuraturasining ishonch telefoni 1007 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim, murojaatimiga fevral oyida «O‘rganilyapti», degan javob keldi. Menga alam qilgani — buning nimasi o‘rganiladi. 5 oy vaqt o‘rganishga kamlik qildimi? Eng qizig‘i — bizga hech kim pullar qaytarilishi yoki qaytarilmasligini aniq aytmaydi. Bir xil javobdan bezdik: «tekshirilyapti, o‘rganilyapti». Qachon o‘rganib bo‘lishadi? Yoki «yopig‘liq qozon» yopig‘ligicha qolib ketaveradimi?», — deydi Ilyos Mahkamov.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Yangiobod tuman Xalq ta'limi bo‘limi mudiri Ibodulla Raximov bilan uchrashdik.
«Qo‘limizda «So‘g‘diyona» futbol jamoasiga o‘tkazilgan 21 million 600 so‘mning to‘lov qog‘ozi turibdi. Rosti, qaytarilishga umid ham qilmay qo‘ydik. Bu borada tuman adliya bo‘limiga murojaat qildim. Bu ixtiyoriy to‘langan pullar, deyishdi. Chindan ham pullar barchaning roziligi bilan ixtiyoriy o‘tkazilgan. Yana bir gap, Jizzax viloyati hokimining farmoyishida ham pullar qaytarilsin, degan band yo‘q. Shu bois, bir nima deyolmaymiz. To‘lab berishsa — xursand bo‘lamiz. Men bu borada viloyat hokimligiga xat bilan chiqdim, ammo «Bunga viloyat hokimligining aloqasi yo‘q», degan javob keldi», — deydi u.
Ushbu muammoli vaziyat bo‘yicha Yangiobod tumani hokimi Ikrom Mattiyevga uchraganimizda, u bu voqeadan xabari yo‘qligini, o‘n kun ichida bu masala ijobiy hal etilishini va'da qildi. Tuman hokimining bu vaziyatdan xabari bor-yo‘qligi qanchalik rostligi bizga noma'lum, lekin muammo yechimini topishi kerak. Bizga shunisi muhim.
Ayrim mutasaddi tashkilotlarning, mas'ul idoralarning rahbarlari befarqligi va loqaydligi oqibatida besh oydan beri turli idoralarning eshigida sarson bo‘layotgan o‘qituvchilarning peshona teri evaziga topilgan bir kunlik ish haqlari qaytarilmay kelmoqda.
Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
15:25 / 15.12.2024
Toshkent-Termiz yo‘lining Jizzaxdagi dovondan o‘tgan qismida yuk avtomobillari harakati vaqtincha cheklandi
18:54 / 10.12.2024
Jizzaxda 1 mlrd so‘mlik qalbaki pul sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
11:45 / 01.12.2024