Jahon | 16:58 / 21.03.2019
59235
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Nazarboyev iste'foga chiqishdan oldin nima uchun Putinga qo‘ng‘iroq qilganini oshkor etdi

Foto: Mixail Metsel / TASS

Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev iste'foga chiqish haqidagi qarori to‘g‘risida oldindan xabardor qilish maqsadida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgan. Bu haqda Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov ma'lum qildi. 

Peskov Nazarboyev Rossiya prezidenti bilan o‘zining o‘rniga rahbarlik kursisiga kim o‘tirishi to‘g‘risida maslahatlashmaganini ta'kidladi. 

«Bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas», — dedi u jurnalistlarning savoliga javob qaytararkan.

Bundan tashqari, Kreml vakili mazkur suhbat «o‘ziga xos tusga ega» bo‘lgani uchun telefon qo‘ng‘irog‘i haqida rasman ma'lum qilinmaganligini aytdi.

19 mart kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev televideniye orqali millatga maxsus murojaatida o‘z vakolatlarini topshirganini e'lon qildi. 20 mart kuni Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida qasamyod qildi.

Mavzuga oid