18:10 / 04.04.2019
7635
Reklama

SamDU huzuridagi mintaqaviy markaz: tinglovchilar jahonning eng yaxshi mutaxassislaridan saboq olmoqda

Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 sentyabrdagi “Oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 278-sonli qarori asosida tashkil etilib, unda mintaqamizda joylashgan Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida faoliyat olib borayotgan barcha oliy ta'lim muassasalari va oliy ta'lim muassasalarining filiallari hamda ularning akademik litseylarining, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi tasarrufidagi akademik litseylarning hamda Respublikamizda tojik tili va adabiyoti yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Mazkur mintaqaviy markazda ta'lim olayotgan to‘rtta viloyat oliy ta'lim muassasalaridagi  pedagog kadrlarga beriladigan saboq, bugungi kundagi salohiyati va imkoniyatlari qay darajada?

Mintaqaviy markazga bugungi kunda dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun jalb etilgan mutaxassislarning ilmiy-pedagogik salohiyati 96% ni tashkil etadi. 2018 yil bo‘yicha yuqoridagi oliy ta'lim muassasalarining 216 nafar pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejasi belgilab qo‘yilgan edi. Yillik reja rejaga muvofiq to‘liq bajarildi. 

Mintaqaviy markazda hozirgi zamonaviy talablarga javob beradigan 20 ga yaqin umumta'lim fanlari bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. Kurslarda o‘quv mashg‘ulotlari muammoli ma'ruza, seminar-trening, davra suhbati, tajriba almashish, munozara, kichik guruhlarda ishlash asosida tashkil etilib, xorijlik o‘z sohasining bilimdon mutaxassislarini jalb etgan holda interfaol metodlardan foydalanib mintaqadagi yetuk olimlar tomonidan olib borilmoqda.

O‘z navbatida markazda tashkil etilgan pedagogik amaliyotlar Samarqand davlat universitetining 17 ta eng nufuzli kafedralarida belgilangan tartibda olib borilmoqda. Bundan tashqari Samarqand shahridagi ilmiy tadqiqot muassasalari hamkorligida, xalqaro tadqiqot markazlari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti, Imom Buxoriy xalqaro tadqiqot markazi, “Afrosiyob” mintaqaviy tadqiqot markazi, Astronomiya o‘quv-ilmiy markazi va boshqa innovatsion ta'lim texnologiyalarini amalda qo‘llab kelayotgan bir nechta ishlab chiqarish korxonalarida belgilangan tartibda amaliyotlarni (jami 15ta) amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan.

Ta'lim sifatini yuqori darajada ko‘tarish maqsadida mintaqaviy markaz kurslarida o‘quv-uslubiy faoliyatni innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish, kadrlar ilmiy-pedagogik salohiyati ko‘rsatkichining yuqori bo‘lishi va mashg‘ulotlarning yuqori saviyada tashkil etilishi hamda tinglovchilarning individual ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan so‘rovnomalar va suhbatlar muntazam tarzda o‘tkazilishi malaka oshirish faoliyatining yuksalishida o‘z samarasini bermoqda.

Markaz direktori Nuriddin Indiaminov bilan bo‘lgan suhbat jarayonida avvallari malaka oshirish ta'lim muassasalariga chet eldan taklif etilgan mutaxassislar tomonidan qisqa muddatli uchrashuvlar yoki ko‘pi bilan ikki soatlik dars mashg‘ulotlari o‘tib ketilar edi,- deb ta'kidlaydi. Hozirgi kunda mintaqaviy markazda dunyoning bir qator rivojlangan davlatlari oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari dars mashg‘ulotlarini o‘tkazib kelishmoqda. Jumladan, AQSh, Germaniya, Angliya, Janubiy Koreya, Hindiston, Ispaniya, Xitoy kabi ko‘plab rivojlangan mamlakatlardan hamda MDH davlatlaridan taniqli professor-o‘qituvchilarni jalb etishga, ular tomonidan o‘quv rejaning butun moduli bo‘yicha nazariy va amaliy dars mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelishi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, bugungi kunda informatsion texnologiyalar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar Hindiston va boshqa rivojlangan mamlakatlarda ekanligi hammamizga ma'lum. Mintaqaviy markazga yetuk mutaxassislar taklif etildi. Jumladan, Hindistondan Chandigarx universiteti PhD (Managment) doktori Rasmeyet Singx Bali va PhD (CS) Munish Subharval va Fransiyadan Puate universiteti professori Patris Naudin, rus tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha Rossiyaning yetuk oliy ta'lim muassasalaridan soha mutahassislari taklif etildi. Ular ham o‘quv rejaning mutaxassislik blokidagi modullar bo‘yicha nazariy va amaliy darslarni o‘tkazishdi. Shuningdek, 2018 yil davomida o‘quv rejalarning 10 ta moduli bo‘yicha xorijlik mutaxassislar dars mashg‘ulotlarini to‘liq shaklda olib borishdi.

Axborot texnologiyalari bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga kelgan tinglovchilar xorijlik mutaxassislardan komyuterlarda bir vaqtning o‘zida bir nechta operativ tizimlarda parallel ishlash, kompyuter xotirasini bir necha barobarga oshirish, kompyuterlarni og‘zaki buyruqlar orqali boshqarish texnologiyalarini va dasturlash bo‘yicha eng so‘nggi ma'lumotlarni olish hamda ularni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bunday tajriba sinov asosida tashkil etilgan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarga juda ham foydali bo‘lganligini professorlar B.Xo‘jayorov, I.Jumanov hamda yosh ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanayotgan pedagog kadrlar juda katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bu yerda olingan ko‘nikma va malakalar yosh mutaxassislarni xorijda ilmiy tadqiqotlarni namunali, erkin bajarishlari uchun beqiyos amaliy yordam sifatida xizmat qiladi. Mana shu nuqtai-nazardan kelib chiqqan holda ushbu amaliy tajribani respublikamizning barcha malaka oshirish ta'lim muassasalarida joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Mintaqaviy markazda tinglovchi bo‘lib, dars mashg‘ulotlarida faol ishtirok etgan professorlar B.Xo‘jayorov, J.Yaxshilikov, I.Jumanov, L.Sobirov, S.Karimov, A.Haydarov va boshqa ko‘plab yosh professor-o‘qituvchilar bu yerda innovatsion texnologiyalarni qo‘llashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilayotganligini e'tibor bilan qayd etgan holda  “Scopus” – bibliografik va referativ xalqaro bazasidan ilmiy nashrlarda maqolalar sitatasi (nashr parchasi)ni ko‘rib borish imkoniyatini beradigan vosita sifatida foydalanishni batafsil o‘rgatayotganliklari ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda juda katta samara berishini alohida e'tirof etishdilar.

Oliy ta'lim muassasalari huzuridagi akademik litseylardan kelgan tinglovchilar ham ijobiy va ijodiy taklif-mulohazalarini muntazam ravishda berib kelishmoqda. Jumladan, rus tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirishga kelgan tinglovchi Nigina Olimova va boshqalar mintaqaviy markaz uchun shaharning markaz qismidan yaxshi jihozlangan zamonaviy bino ajratilsa yaxshi bo‘lar edi,- degan takliflarini kiritgan.

Akademik litseylar buyurtmachi sifatida faoliyat olib borish bilan birgalikda, o‘quv jarayoni sifatining ichki nazoratini va tahlilini ham amalga oshiradilar, reyting tizimi bo‘yicha har bir pedagog kasb faoliyatining monitoringini olib boradilar va baholaydilar. Ushbu ishlar asosida malaka oshirishga ehtiyoj sezadigan o‘qituvchilar kontingentini real shaxsiy talablardan kelib chiqqan holda reja tuzishlari, ularning kasb malakasi darajalari asosida tabaqalashtirishlari, qayta tayyorlash va malaka oshirishning tegishli turlari va shakllarini belgilashlari kerak, deb hisoblaydigan tinglovchilar soni ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Mintaqaviy markazda maktabgacha ta'lim muassasalariga tarbiyachilar tayyorlash yo‘nalishida tashkil etilgan kasbiy qayta tayyorlash kurslariga juda katta ehtiyoj borligini inobatga olgan holda ularni yangi zamonaviy tarbiya usullarini o‘zlashtirishlariga imkoniyat yaratish, tarbiyalanuvchilarni har tomonlama yetuk, sog‘lom, barkamol inson qilib tarbiyalashda kun tartibining alohida o‘rni borligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Professor-o‘qituvchilarning oxirgi 3 yilda bajargan ilmiy tadqiqot hamda metodik ishlari asosida shakllantiriladigan elektron portfolioni baholashda uning ulushini yetarli darajada oshirish adolatli bo‘lishini ta'minlaydi. Chunki ba'zi yetuk professor-o‘qituvchilar har yili kamida bir nafar PhD dissertatsiyalarini tayyorlash va himoya etishini tashkil etgan holda bir nechta ilmiy maqolalarni dunyoning nufuzli ilmiy jurnallarida chop ettirish, darsliklar, monografiyalarni yozish, ilmiy tadqiqot grantlarida faoliyat olib borish ishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etib kelishmoqda. Ushbu taklif va tavsiflar doimiy ravishda mintaqaviy markazda tinglovchilarining fikr-mulohazalarini o‘rganib borishga qaratilgan so‘rovnomalarida va suhbatlarida o‘z aksini topgan.

Xulosa o‘rnida pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishda har bir professor-o‘qituvchining real malaka darajalarini inobatga oladigan, lozim bo‘lganda masofadan o‘qitish metodlarini qo‘llagan holda shaxsning yanada takomillashishiga yo‘naltirilgan tabaqalashtirilgan tizimni ilg‘or xorijiy ta'lim tajribalarini hisobga olgan holda joriy etish lozim.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top