Sport | 18:38 / 30.08.2019
17973
3 daqiqa o‘qiladi

Nikimbayev: «Navbahor»dagi murabbiylar beqarorligi «sahna orti fitnalari» bilan bog‘liq»

Namanganning «Navbahor» klubidagi murabbiylarning tez-tez almashishi «sahna orti fitnalari» va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining yo‘qligi bilan bog‘liq, deb yozadi futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, klub og‘ir damlarni boshidan o‘tkazmoqda. Buni so‘nggi 10 oyda 3 nafar murabbiyning almashishi ham tasdiqlayapti. 28 avgust kuni klub Andrey Kanchelskisni qaytganini e'lon qildi. U Deyan Jurjyevich o‘rniga tayinlandi. O‘z navbatida serbiyalik mutaxassis 2 oy oldin aynan Kanchelskis o‘rnini egallagan edi.

«Navbahor»dagi murabbiylar beqarorligi klubning rivojlanish strategiyasi yo‘qligidan dalolat beryapti. Asosiy xodimlarni tayinlash hissiyotlar ta'sirida yuz bermoqda. Katta ehtimol bilan «Navbahor» rahbariyati klubning maqsadi va vazifalarini tushunmaydi», - deb yozdi Nikimbayev.

Barcha iste'folar «tasodifiy va hissiyotlarga boy tarzda qabul qilingan qarorlar» asosida yuz bergan va futbolga aloqador bo‘lmagan «sahna orti fitnalari» bilan bog‘liq, deb o‘z manbalariga tayanadi futbol mutaxassisi.

Uning fikriga qaraganda, «Navbahor»ning oldingi bosh murabbiyi Jurjyevichga o‘z imkoniyatlarini namoyish qilish uchun yetarli vaqt berilmagan.

«Uni qanday sabab bilan bo‘shatishdi? Avvalgi bosh murabbiyni iste'foga chiqarish xato ekani haqidagi bahona bilanmi? Ha, «Navbahor»ning Jurjyevich qo‘l ostidagi natijalari rahbariyat va muxlislarni qoniqtirmadi. Ammo mavsum o‘rtasida jamoani qabul qilib olgan murabbiydan nimani kutgan bo‘lardingiz? Umuman olganda, serbiyalik oldiga qanday vazifalar qo‘yildi? Natijalarni so‘rash uchun vaqt yetib kelganmidi?», – degan savollarni qo‘yadi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskis 2018 yil oktabr oyida «Navbahor»ga tayinladi. Oradan 9 oy o‘tgach, uning o‘rnini serbiyalik Deyan Jurjyevich egalladi va qariyb 2 oy ishladi. O‘tgan haftada rahbariyat yana Kanchelskisni qaytarishga qaror qildi. Qayd etish joizki, «Navbahor» Jurjyevich iste'fosini e'lon qilmasdan oldin Kanchelskis taqdimotini o‘tkazgan edi.

Mavzuga oid