O‘zbekiston | 16:25 / 27.09.2019
119993
4 daqiqa o‘qiladi

Ixtiyor Abdullayev ishi: DXX raisining sobiq o‘rinbosari 16 yilga, sobiq maslahatchi 17 yilga qamaldi

Bugun, 27 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a'zolariga nisbatan ayblov hukmi e'lon qilindi.

Ikki oydan ortiq davom etgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, uch yuzdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib tahlil qilingan, dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirilgan. Natijada, Ixtiyor Abdullayev tashkil etgan jinoiy uyushma a'zolariga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Oliy sud matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, harbiy sud hukmi bilan DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Egamov 16 yilga, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Eshonxo‘jayev 17 yil, Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorqin Abdullayev 14 yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xo‘jayev 8 yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Hidoyatov 5 yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov 5 yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Qolgan 15 nafar sudlanuvchiga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, jazolar tayinlandi. 

Bundan tashqari, sud tomonidan jinoyatlar oqibatida davlat, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratilgan tegishli choralar belgilandi.

Qayd etilishicha, ushbu jinoiy ish bilan bog‘liq tergovni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xavfsizligi Davlat xizmati raisining o‘rinbosari Otabek Umarovga yuklatilgan edi.

Jahongir Egamov 2016-2017 yillarda Bosh prokuratura tizimidagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan, keyinroq MIBda va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga rahbar lavozimlarida ishlagan, 2018 yil fevralida DXX raisi Ixtiyor Abdullayev uni o‘ziga o‘rinbosar qilib tayinlagan, 2018 yil dekabrida ishdan olingan, 2019 yil 2 yanvarida qo‘lga olingan.

Ixtiyor Abdullayevning bojasi Alisher Eshonxo‘jayev turli yillarda MXX (hozirgi DXX) tizimida turli lavozimlarda ishlagan, 2018 yil yanvaridan 2019 yil yanvariga qadar DXX raisi maslahatchisi bo‘lgan.

2017 yilning mayidan Oliy sud raisi o‘rinbosari - Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimida ishlagan Bahodir Akbaraliyevich Dehqonov esa 2019 yilning fevralida hibsga olingandi.

Avvalroq Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov uning qo‘lga olinishi DXXning sobiq rahbarlari, xususan, Jahongir Egamov tomonidan uyushtirilganini taxmin qilgan edi. Abdusamatovning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida hokimning pora olayotganda qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarlar ushbu taxminning asosiy dalilidir.

«Kimdir yolg‘ondan shon-shuhratga ega bo‘lishni xohladi va bu ishni… Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov, boshqarmalarning sobiq rahbarlari amalga oshirdi», — degandi Baxtiyor Abdusamatov o‘zining sudida.

Mavzuga oid