O‘zbekiston elchisi qirolicha Yelizaveta II ga ishonch yorliqlarini topshirdi
2019 yilning 4 dekabr kuni London shahrida O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov qirolicha Yelizaveta IIga ishonch yorliqlarini topshirdi.
TIV xabariga ko‘ra, Bukingem saroyidagi rasmiy marosimdan keyin bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida XV asr boshlarida Angliya qiroli Genrix IV ning Amir Temur bilan diplomatik yozishmalari davriga taalluqli ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, shuningdek, so‘nggi vaqtda ikki tomonlama aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy dinamika qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan islohotlar mavzusi alohida muhokama qilindi. Mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlarida Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi, ayniqsa ta'lim, parlamentarizm, qonun ustuvorligi va bank-moliya sohalaridagi yutuqlaridan foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston sa'y-harakati ta'kidlandi. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida yaqinda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim qayd etildi, bu esa Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tuzilgan ilk ikki tomonlama hujjati bo‘ldi.
Buyuk Britaniya qirolichasi O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosi, avvalo Samarqandning qadimiy arxitekturasi haqida xabardorligini namoyish etdi.
Buyuk Britaniya rahbari ta'lim sohasini ustuvor rivojlantirish, jumladan, boshlang‘ich sinflardan ingliz tilini o‘rgatishni joriy etish borasidagi O‘zbekiston hukumatining sa'y-harakatlarini yuqori baholadi va o‘zaro manfaatli barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini qo‘llab-quvvatladi, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
21:51 / 13.09.2024
Britaniyada Yelizaveta II ning yangi haykali paydo bo‘ldi. U ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda
07:43 / 11.09.2023
O‘zbekistonning afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha yondashuvlari Londonda taqdim etildi
18:36 / 01.01.2023
Nima uchun Britaniya qirolichasi kutilmaganda oddiy fuqaroning to‘yiga tashrif buyurgan?
20:14 / 20.09.2022