Jahon | 10:15 / 13.12.2019
37187
15 daqiqa o‘qiladi

Trampni «taxtdan ag‘darish»ni xohlayotgan Blumberg. Uning imkoniyatlari qanday?

AQShda 2020 yilning noyabrida prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Oldingi prezident Baraka Obama ikkinchi marta saylanishga unchalik qiynalmagandi. Bu galchi, Trampga «taxtni saqlab qolish» oson bo‘ladimi?

Tramp uchun saylovdagi asosiy raqib, shubhasiz, Jo Bayden. Obama vaqtida vitse-prezident bo‘lgan Bayden Trampni «taxtdan ag‘darishi»ga shubha qilmayapti. Ko‘pchilik Bayden va Tramp «dueli» asosiy bahs bo‘lishiga tayyorlanayotgan bir vaqtda katta sahnaga oz emas, ko‘p emas, dunyoning to‘qqizinchi raqamli eng badavlat kishisi chiqib keldi. Ha, mashhur mediamagnat Maykl Blumberg dunyodagi eng zo‘r poyga — AQSh prezidentlik poygasiga qo‘shildi.

Blumberg so‘zini ko‘p eshitgansiz. Bu nomda sayt, telekanal, radio va yana ko‘plab nashrlar faoliyat yuritadi. «Blumberg» agentligi asoschisi Maykl uni o‘z nomi bilan atagan. Boshlanishiga birja olamidagilar uchun ma'lumotlar sotishni boshlagan korxona keyinchalik mediamakondagi barcha yo‘nalishlarga kirib bordi. Xo‘sh, o‘zidan ham korxonasi mashhur bo‘lgan Maykl Blumberg aslida kim?

Saylovlarga kech qo‘shilgani sabab Blumberg praymerizning dastlabki qismini o‘tkazib yuboradi. Ayni damda demokratlarning atigi 1 foizi saylovda Blumbergni qo‘llashga tayyorligini bildirgan. Hali o‘z partiyasi orasida qo‘llab-quvvatlanmayotgan milliarder nimaning evaziga Trampni «o‘yindan chiqarishga» umid qilmoqda?

Siyosatga qiziqqan har bir odam prezident bo‘lishni orzu qilsa kerak. Siz-u bizning oramizda ham qo‘lini konstitutsiyaga qo‘yib xalqi oldida prezidentlik qasamyodini qabul qilishni orzu qiladiganlar ko‘pligiga shubha yo‘q. Endi o‘ylab ko‘ring, sizning pulingiz juda ko‘p va yaratgan bergan umrning 78 yilini yashagansiz. Asosiy orzuingiz esa amalga oshmagan. Buning uchun bor pulingizni ham sarflarmidingiz? Chinakam siyosat kishisi bunday imkon tug‘ilsa, pulning yuziga qaramaydi.

Saylov vaqtida 78 yoshda bo‘ladigan Maykl Blumbergning boyligi 55,5 milliard dollarni tashkil qiladi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, u dunyoning eng boy to‘qqizinchi odamidir. Blumberg saylov kampaniyasiga rekord miqdorda pul ishlatishini ma'lum qildi. O‘zining nomzodini qo‘yishi haqidagi piarning o‘ziga 37 million dollar sarflagan Blumberg keyingi targ‘ibotlar uchun qancha sarflashini taxmin qilavering. Bir so‘z bilan aytganda, Blumberg butun dunyosini prezidentlikka almashib yuboradigan yoshda.

Blumberg siyosatga ham «osmondan tushib qolgani yo‘q». U 11 yil Nyu-York meri bo‘lgan. AQShning eng katta shahrida buncha muddat hokim bo‘lish juda ko‘p narsani anglatadi. Masalan, bugun Turkiyada fenomenal obro‘ga ega bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bosh vazirlikka kelishdan avval «Turkiyaning Nyu-Yorki» hisoblanmish Istanbulda mer bo‘lib ishlagan. Blumberg Nyu-York merligidagi faoliyatini samarali deb hisoblashi, bu lavozimda ishlab, boshqaruvchilik qobiliyati sinovdan o‘tgani haqida aytmoqda.

Chindan, u shtatni juda qiyin holatda qabul qilib olgandi. 11 sentabr voqealaridan so‘ng vayronaga aylangan Nyu-York aynan Blumberg vaqtida oyoqqa turadi. 2002-2013 yillarda Maykl dunyoning eng mashhur shahrida mer bo‘lib ishlaydi.

Darvoqe, Tramp hali biznesda bo‘lgan vaqtida Nyu-Yorkda ishlagan va Blumberg bilan «hokim-tadbirkor» formatidagi uchrashuvlar ham o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Har holda Trampning aytishicha, Blumberg bilan bir marta golf o‘ynagan. Hozircha asosiy e'tiborini Baydenni «yer bilan yakson qilishga» qaratgan Tramp yangi raqibi Blumbergni troll qilishni boshlasa, bunday tafsilotlarni eshitib qolishimiz ham hech gap emas. Aytgancha, Tramp Blumbergni troll qilishni boshladi desak ham bo‘ladi: «Bilaman, u katta pul sarflaydi, ammo kichik Maykl muvaffaqiyatsizlikka uchraydi», deya yozdi u tvitterida.

Bobosi rossiyalik

Blumberg 1942 yil Massachusets shtatida yahudiylar oilasida tug‘ilgan. Uning bobosi rossiyalik muhojir bo‘lgan. Otasi Uilyam Genri ham Massachusetsda tug‘ilgan. Uning oilasi haqida ma'lumotlar kam, chunki mediamakonda yetakchilardan bo‘lgan Maykl bunday ma'lumotlar tarqalishini xohlamagan. 1964 yilda Jons Hopkins universiteti va Harvard biznes maktabini tamomlagan. Blumbergning ikki qizi bor va ayni damda rasman bo‘ydoq.

«Trampga o‘xshab otamdan pul olmaganman»

Blumberg mashhur Salomon Brothers bankida aksiya savdosi bilan shug‘ullanib faoliyatini boshlagan. 1981 yilda esa ishdan ketkazilgan. Ha, aynan ketkazilgan. Yiqqan pullarini Bloomberg LT korxonasini ochishga sarflagan. O‘sha vaqtda yangilik bo‘lgan biznesga qo‘l urgan Blumberg birja bozorlari tahlili bilan shug‘ullanadi. Bu biznes Mayklga tezda katta pullar olib kela boshlaydi. U o‘z biznesini Tramp kabi otasining puliga boshlamagani bilan maqtanishga ham ulgurgan: «Men o‘z biznesimni o‘zim noldan qurganman, Tramp kabi otamdan pul olib emas».

Maykl keyinchalik pullarini OAV sohasiga tika boshlaydi. Bugungi kunda Bloomberg agentligining iqtisodiy yangiliklarini tayyorlashning o‘zi bilan dunyoning 130 davlatida 9,5 ming kishi shug‘ullanadi.

1 dollar maosh, xuddi Tramp kabi...

Maykl Blumbergni «demokratlarning Trampi» deyishmoqda. Chindan ham ularning o‘xshash jihatlari bor. Masalan, yillik maoshni 1 dollar qilib belgilash Trampning kashfiyoti desangiz, adashasiz. Blumberg 2002 yilda insoniyat tarixidagi eng yirik teraktdan sillasi qurigan Nyu-York hokimligiga saylangach, o‘zining yillik maoshini 1 dollar qilib belgilaydi. Bundan tashqari, unga davlat tomonidan uy berilishini ham rad etadi. Bir so‘z bilan aytganda, Blumbergning ko‘zi to‘q odamligi sinovdan o‘tgan.

Avval demokrat, keyin respublikachi, hozir yana demokrat

AQShda ikkita partiya mavjudligini bilasiz. Odatda amerikaliklar yoshligidan demokrat yoki respublikachi ekanliklarini aniqlashtirib olishadi. Ayniqsa siyosatchilar o‘z pozitsiyalarida sobitqadam bo‘lishadi. Ammo Blumberg ikki marta partiyasini o‘zgartirgan. U 2001 yilgi Nyu-York merligi uchun saylovda demokratlardan nomzodlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgani tufayli respublikachilar partiyasidan saylanadi. Ungacha Blumberg demokrat bo‘lgan. Endi AQSh prezidentligiga nomzodini ham demokrat sifatida qo‘ydi.

Juda boy va juda qari

Blumberg Nyu-York merligi uchun saylovlarda unga respublikachilar partiyasi yordam bermagan deb hisoblaydi. Uning fikricha, partiya saylovda ko‘proq Blumbergning raqibi, marhum Jon Makkeynni qo‘llab-quvvatlagan. Darvoqe, Makkeyn va Blumberg uzoq vaqt qalin do‘st bo‘lganini ham ta'kidlash kerak. Blumberg respublikachilarga ishonchi baland bo‘lmagan holda saylovlarda erkin nomzod (ya'ni partiyasiz) holida g‘olib bo‘lish ham imkonsiz ekanini tushungan. Shu bois, milliarder o‘tgan galgi prezidentlik poygasidagi mag‘lub tomon — demokratlar safida poygaga qo‘shilishni ma'qul ko‘rdi.

Ammo Blumbergning imkoniyati hozircha juda past desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Birinchidan, u saylovda qatnashish haqida juda kech e'lon qildi. Bu avtomatik tarzda milliarderning imkoniyatlarini pasaytirib yuboradi. Bundan tashqari, Blumberg keyingi yil saylovlar vaqtida 78 yoshda bo‘ladi. U prezidentlik uchun juda keksalik qilishi mumkin. Shuningdek, Blumbergning haddan tashqari boy ekani ham uning saylanishiga xalaqit berishi mumkin. Prezidentlikka demokratlardan yana bir nomzod senator Elizabet Uorren bu haqda shunday dedi: «Blumberg prezidentlikni sotib olmoqchi».

«Trampga yana 4 yil toqat qilolmaymiz»

Blumberg prezidentlik poygasida qatnashishi uchun asos qilib Trampning qiliqlariga ortiq toqat qilib bo‘lmasligini keltirdi: «Men prezidentlik poygasiga Donald Trampni yengib, Amerikani o‘ziga keltirish uchun qo‘shildim. Yana 4 yil Trampning oqlab bo‘lmas qiliqlariga chidab bo‘lmaydi. Bunga toqat qila olmaymiz. Tramp mamlakat uchun katta xavf. Agar u yana 4 yil prezidentlik qilsa, bu davrdagi yo‘qotishlar uchun o‘zimizni kechira olmasligimiz mumkin. Mening biznes va boshqaruvdagi ulkan tajribam poygada g‘olib bo‘lish va mamlakatni boshqarish uchun yetarli bo‘ladi deb o‘ylayman».

Ammo Blumberg mana shu nutqida qaysidir ma'noda «qovun tushiradi». Milliarder o‘zining biznesdagi tajribasi mamlakatni boshqarish uchun asqatishini aytdi, vaholanki u 2016 yil bu uchun Trampni qoralagandi: «Tramp mamlakatni o‘z biznesini boshqargani kabi boshqarishini aytmoqda. Bizni Xudo asrasin. U firibgar».

Yana bir to‘siq: Baydenning elektorati

Blumberg Nyu-York meri bo‘lgan vaqtda iqtisodiy jihatdan yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etish bilan birga jamoat xavfsizligi borasida ham ko‘p ish qilgani e'tirof etiladi. Ammo aynan xavfsizlikni ta'minlash borasida sobiq mer bitta xatoga yo‘l qo‘yib, buni o‘zi ham tan olgan. 11 sentabr voqealaridan so‘ng Nyu-York merligiga kelgan Blumberg politsiya uchun «stop and frisk» (to‘xtat va tekshir) deb nomlangan tartibni joriy qilgan. Bu esa AQSh biznes poytaxtidagi qora tanli va kelib chiqishiga ko‘ra lotin amerikalik bo‘lgan fuqarolar orasida keskin norozilikni keltirib chiqaradi.

Gap shundaki, hammani to‘xtatib tekshirib ko‘rishi mumkin bo‘lgan politsiya asosan qora tanli odamlarni tintuv qilishni boshlaydi. Kechinchalik bu amaliyot o‘zini oqlamaganini tan olgan Maykl politsiya faqat qora tanlilarni tekshirishini inobatga olmaganini aytadi. Yuqoridagi tajriba sabab Nyu-Yorkda o‘sha vaqt jinoyatchilik 32 foizga kamayganini ham ta'kidlash kerak.

Blumberg qurol olib yurishga qarshi harakatlari bilan ham mashhur. U saylovoldi dasturida ham bunga qarshi kurashishini aytdi. Nyu-York meri bo‘lgan vaqtida Blumberg juda ko‘p taqiqlar joriy qilgan. Masalan, kafe va barlarda chekishni taqiqlagan. Bu esa mustaqil yoshlar uchun yaxshi yangilik bo‘lmagan. Saylovda bu ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

Qonunchilikka o‘zgartirish kiritgan

Ha, bunaqasi Amerikada ham bo‘lib turadi. Blumberg Nyu-York meri vazifasida ishlayotgan vaqtda mahalliy saylov qonunchiligiga o‘zgartirish kiritishga erishib bu orqali uchinchi marta merlikka saylangan. Bugun bu narsa unutilgan bo‘lishi mumkin, ammo saylovoldi kampaniyasi vaqtida kimdir bu faktni eslashi aniq. AQShda qonunga o‘z manfati uchun o‘zgartirish kiritganlarning obro‘si yuqori bo‘lmasligi esa sir emas.

Blumbergning yana bir xatosi saylovoldi dasturini Trampga qarshi kurash bilan boshlashi bo‘ldi. Birinchidan, mustaqil (ya'ni partiyaga a'zo bo‘lmagan) saylovchilar bu qiliqdan shubhalanishlari mumkin. Ular kimnidir taxtdan ag‘darish uchun rahbar bo‘lishni xohlayotgan prezidentning xalqqa nima keragi bor, deb o‘ylashlari tabiiy.

Ikkinchidan, ayni damda mamlakat prezidenti bo‘lgan Tramp o‘ziga qarshi gapiradigan nomzodlarni «yer bilan bitta qilayotganini» ko‘ryapsiz. Masalan, Jo Bayden Ukrainadagi o‘g‘li bilan bog‘liq mojaro tufayli reytingini yo‘qotmoqda.

Klinton nega yutqazgandi?

O‘tgan safar Trampning saylovdagi asosiy raqibi Hillari Klinton AQSh prezidenti bo‘lishiga ko‘pchilik ishonayotgandi. Ammo saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi to‘pori gaplari Trampni dunyoning eng qudratli mamlakati rahbariga aylantirdi. Hillari Klinton Xitoyni savdo urushida yakson qilishi, Rossiyani «burchakka tiqishi» haqida gapirayotgan vaqtda Trapm AQSh xalqaro politsiya bo‘lishni bas qilishi kerakligini aytib xalqqa soliqlarni kamaytirishni, yangi ish o‘rinlari yaratishni taklif qildi. Va aytganini qildi ham. Aynan mana shu dangal takliflari uchun Tramp yetarli ovozga ega bo‘ldi.

Bugungi nomzodlar orasida mana shunday adekvat taklif beradigani hozircha ko‘rinmayapti. Blumberg har qancha mashhurligiga qaramay, hali uni saylashlari uchun tayinli asos keltira olgani yo‘q. Bu borada faqat Jo Bayden nimalardir qilayotgandek. Har holda so‘nggi vaqtlarda Amerikaning eng tamizli va namunali prezidenti bo‘lgan Baraka Obama bilan ishlagan Bayden sobiq rahbaridan o‘rnak olayotgan bo‘lishi mumkin. U o‘rta qatlam odamlari bilan uchrashib, o‘zi xuddi ular kabi odam ekanini ko‘rsatmoqda.

Tramp va Blumbergdan farqli milliardlari bo‘lmagan Bayden saylov kampaniyasi uchun odamlardan pul yig‘moqda. Ayni damda uning kampaniyasi uchun eng katta pul to‘plangan. Afroamerikaliklar va ishchi qatlamning ko‘nglini olish uchun harakat qilayotgan Bayden saylov favoriti Trampga jiddiy boshog‘riq bo‘lishi mumkin. Maykl Blumberg esa bu ketishda hatto o‘z partiyasi yetakchiligi uchun ham kurasha olmay qolishi tayin. Aytgancha, hali Hillari Klinton «jang»ga kirishgani yo‘q...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid