Jahon | 10:53 / 07.06.2020
32983
6 daqiqa o‘qiladi

Bayden rasman Trampga raqib bo‘ldi

AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden rasman noyabrda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod bo‘ldi.

Foto: Reuters

Tvitterdagi sahifasida Bayden «millat ruhi uchun» kurash boshlangani haqida yozdi.

Tahlilchilarning fikricha, Baydenning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy mavzu koronavirusga qarshi kurash, ishsizlik va irqchilikka qarshi ommaviy namoyishlar masalalari bo‘ladi.

Praymeriz yakunlariga ko‘ra Bayden partiyaning 1990dan ortiq delegati ovozini qo‘lga kiritgan va bu partiyaning rasmiy nomzodi bo‘lish uchun yetarli hisoblanadi.

«Biz birgalikda millatimiz ruhi uchun kurashda g‘olib chiqa olamiz», degan Bayden.

Jo Bayden prezident Barak Obama davrida vitse-prezident lavozimida ishlagandi.

Praymeriz boshlangada u Ayova va Nyu-Hempshir shtatlarida yutqazgandi, ammo Janubiy Karolinada u asosiy raqibi Berni Sandersga qaqshatqich zarba berdi, shundan so‘ng uning kampaniyasi tempni oshirdi, raqiblari esa sahnani birin-ketin tark eta boshladi.

«Men Demokratik partiyaning eng salohiyatli nomzodlari bilan kuch sinashganimdan faxrlanaman, yana shuning uchun ham faxrlanamanki, saylovlar oldidan saflarimizda birlik hukmron», degan Bayden.

Bayden ayni vaqtda 77 yoshda. U uchinchi marta AQSh prezidentligi uchun saylovda qatnashmoqda.

Obama Baydenning prezidentlikka nomzod bo‘lishini ma'qullagan / GETTY IMAGES

Demokratik partiya a'zolari koronavirus tufayli 8 shtatda va uch hududda praymeriz o‘tkaza olishmadi.

«Hozir Amerika tarixidagi eng qiyin damlar. Donald Trampning darg‘azab va mojaroli siyosati mamlakatga yordam bera olmayapti. Mamlakatga haqiqiy yetakchi kerak. Barchani birlashtira oladigan yetakchi», degan Bayden.

Sobiq prezident Barak Obama o‘zining sobiq o‘rinbosari prezidentlik uchun nomzodini qo‘yganini ma'qullagandi. Aprel oyida tarqalgan videomurojaatida Obama Bayden davlat rahbari uchun zarar bo‘lgan barcha sifatlarga egaligini aytib o‘tgandi.

«Xushmuomala siyosatchi»
Prezident Donald Tramp raqibi bilan kurashni sabrsizlik bilan kutayotganini aytib, uni «uyqusiragan Jo» deb atagan.

Bayden rasman demokratlar nomzodi sifatida ko‘rsatilishidan oldinoq muammolarga to‘qnash keldi.

Janubiy Karolinadagi afroamerikalik va lotin amerikalik saylovchilar Baydenning muvaffaqiyatini ta'minlab berishdi

U Trampga ovoz beradigan afroamerikaliklar o‘zlarini qora tanli deb hisoblamasligi kerakligi haqida aytgan gaplari uchun uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

U shuningdek, o‘zini tegajog‘likda ayblagan ayollardan uzr so‘radi. U o‘zini «xushmuomala siyosatchi» deb atadi va uning harakatlari noto‘g‘ri tushunilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Sobiq yordamchisi Tara Rid uni 1993 yilda tegajog‘lik qilganlikda aybladi, ammo Bayden bu ayblovni rad etdi.

Tara Rid Jo Baydenni jinsiy tegajog‘likda ayblagan sakkiz nafar ayolning biri bo‘lgan. Tara Ridning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ko‘pchilikning oldida uning bo‘yniga qaragan, sochlarini ushlagan va ayolning o‘zini noqulay sezishiga sababchi bo‘lgan. Biroq Rid jinsiy daxlsizlikka qilingan tajovuz qurboni bo‘lgani haqida gapirmagan.

U prezidentlik uchun nomzodini qo‘yishidan oldin ham mojarolar girdobida qolgandi. Jo Bayden Obama ma'muriyatida vitse-prezident bo‘lganida uning o‘g‘li Hanter Bayden Ukrainadagi Burisma neft kompaniyasi direktorlari kengashida bo‘lgan. Donald Tramp va boshqa respublikachilar bu manfaatlar to‘qnashuvini vujudga keltirgani bo‘yicha savollar bilan chiqishgandi.

Avvalroq, 2016 yil martida vitse-prezident Jo Bayden AQSh Ukrainadan mamlakat bosh prokurori Viktor Shokinni korrupsiyaga qarshi yetarlicha kurashmayotgani uchun bo‘shatishni talab qilgani va aks holda 1 mlrd dollarlik kredit bermaslik bilan tahdid qilgani haqida aytgandi.

Amerikadagi nashrlarning yozishicha, Viktor Shokin 2016 yilda Burisma Holdings va Hanter Bayden faoliyati bo‘yicha keng ko‘lamli aksilkorrupsion tekshiruvlar o‘tkazgandi.

O‘shanda Shokin bosh prokuror lavozimini tark etgandi. U ishdan bo‘shatilgach kompaniya bo‘yicha faol tekshiruv ishlari olib borilmagan.

Jo Bayden AQShda Floydning o‘limi tufayli tartibsizliklar avj olgan bir vaqtda rasman nomzod sifatida e'lon qilinmoqda. Qolaversa, koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatda ishsizlik darajasi Ikkinchi jahon urushi davridagi holatga tenglashgan, odamlar koronavirus tufayli bemisl jabr ko‘rishmoqda.

Donald Tramp va Jo Bayden bir necha marta bu masalada bahslashishdi, saylovoldi kampaniyasi ham ularning shu masalalardagi tortishuvlari bilan kechishi kutilmoqda.

Mavzuga oid