Seshanba kuni AQShning 6 shtatida o‘tkazilgan birlamchi saylovlarning dastlabki natijalaridan keyin mustaqil senator Berni Sanders prezidentlikka nomzod bo‘lishdan umidini uzmoqda. Mahalliy vaqt bilan 10 mart kuni soat 20:00da Missuri va Missisipida saylov uchastkalari yopildi va dastlabki natijalar e'lon qilinishi boshlandi. Natijalarga ko‘ra, sobiq vitse-prezident Jo Bayden yaqqol g‘alabaga erishgan. Missisipida uni saylovchilarning 80 foizidan ortig‘i, Missurida esa 60 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
AQShda prezidentlik poygasi. Bu haqda nimalarni bilish lozim?
Ko‘p o‘tmasdan vitse-prezident AQSh prezidentligi uchun saylovda hal qiluvchi shtatlardan biri bo‘lmish Michiganda ham g‘olib bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Darvoqe, 2016 yilda bu shtat senator Hillari Klintonga emas, aynan Berni Sandersga ovoz bergandi.

«O‘ylashimcha, endi Berni Sandersda prezident bo‘lish uchun hech qanday imkoniyat qolmadi. Bayden hammayoqda g‘olib chiqmoqda va telekanallar aynan u Demokratik partiyaning nomzodi bo‘lishi haqida e'lon qilmoqda», dedi Politico nashriga saylovoldi kampaniyasining sobiq ishtirokchisi Tom Steyyerning maslahatchisi bo‘lgan Kevin Keyt.
«Tobutdan qaytish»: «Superseshanba»da Bayden birinchi o‘ringa chiqib qoldi
O‘tgan haftada AQShning sobiq vitse-prezidenti 14ta shtatda bo‘lib o‘tgan «Superseshanba» yakunlariga ko‘ra demokrat nomzodlar orasida yetakchiga aylanib olgandi. Jo Bayden 14 shtatdan 10tasida g‘olib bo‘lgan va qolgan to‘rt shtatda ham asosiy raqibidan katta farq bilan ortda qolmagandi.
«Mini-superseshanba»da Missuri, Missisipi, Michigan, Shimoliy Dakota, Aydaho va Vashington shtatida saylovlar bo‘lib o‘tdi. O‘rtaga 352 delegat ovozi tikilgandi.

Shu yil yozida Demokratik partiyaning Milliy konvensiyasi bo‘lib o‘tadi va unda noyabr oyidagi prezidentlik sayloviga partiyaning nomzodi tanlanadi.









