Fan-texnika | 22:30 / 30.07.2020
25907
4 daqiqa o‘qiladi

Simobli, galinstanli yoki elektron - qaysi termometrni tanlagan afzal?

Koronavirus pandemiyasi davrida salomatlikni nazorat ostida ushlab turishda tana harorati ko‘rsatkichlari muhim hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan tana haroratini o‘lchovchi turli shakl va ishlash uslubiga ega bo‘lgan termometrlar keng qo‘llanilmoqda. Ammo ularning hammasi ham aniq natijani ko‘rsata oladimi?

Har qanday termometr yagona prinsip – tana ajratayotgan issiqlikni o‘lchov shkalasidagi raqamlarga aylantirib berish asosida ishlaydi.

«Argumenty i fakty»ning yozishicha, termometrning har bir shakli –o‘zining qo‘llanish sohasi, kamchilik va ustunliklariga ega.

Simobli termometr

Afzalligi: eng keng tarqalgan termometr turi. Haroratni ko‘rsatish aniqligi juda yuqori – xatolik 0,1 darajaga bo‘lishi mumkin.

Kamchiligi: juda nozik va qisqa muddatga xizmat qiladi. Sinib ketishi oson, natijada ichidagi simob havoga tarqalib, xavf tug‘dirishi mumkin. Haroratni o‘lchashi ham ko‘proq vaqt talab etadi – 5-7 daqiqa ushlab turish kerak.

Galinstanli termometr

Afzalligi: bu termometr o‘zida simobning o‘rnida galliy, indiy va qalay aralashmasi – galinstan moddasini saqlaydi. Xavfsiz, singan taqdirda ham atrofga xavf tug‘dirmaydi.

Kamchiligi: foydalanish qiyinroq. Ishlatishdan avval juda qattiq va uzoq vaqt silkitish talab etiladi.

Elektron termometrlar

Ular ixcham va chiroyli ko‘rinishga egaligi bilan afzal bo‘lishi mumkin, ammo xato ko‘rsatkichni berishi ehtimoli yuqori. Ma'lumki, elektron termometrlar bir necha soniyada natijani chiqarib berdi – hamma muammo shunda. Qisqa fursat ichida tana haroratini aniq ko‘rsatib berib bo‘lmaydi.

Elektron termometr o‘lchash jarayoni tugagani haqida signal beradi, ammo signalga qaramay 5-7 daqiqa davomida uni tutib turish maqsadga muovfiq, shunda natija haqqoniy chiqishi mumkin. Ammo ba'zi elektron termometrlar signaldan keyin avtomatik tarzda o‘chib qoladi, shu bois signaldan keyin ham o‘lchashda davom etish funksiyasiga ega modelni tanlash mumkin.

Elektron termometrlar natijasining noaniqligi sabablaridan yana biri uning qon tomirlari bilan qanchalik yaqin kontaktga kirishishiga bog‘liq. Harorat aniq o‘lchanishi uchun termometr qon tomirlariga yaqin yuza (misol, og‘iz bo‘shlig‘i)ga qo‘yilishi kerak.

Shuningdek, elektron termometrni vibratsiya, quyosh nurlari va elektron uskunalar ta'siridan uzoqda tutish kerak.

Infraqizil termometrlar

Aholi to‘planadigan, kirish-chiqish faol bo‘lgan joylarda infraqizil termometrlar qo‘llanilmoqda. Ularni masofadan qo‘llash mumkin, har bir foydalanishdan keyin dezinfeksiya qilish talab etilmaydi. Ammo harorat aniq o‘lchanishi uchun qon tomirlari bilan kontakt yaqin bo‘lishi kerakligini inobatga olsak, natijaning aniqligi shubhali.

Bu turdagi termometr hozirgacha asosan pediatriyada – bolaning tana haroratini o‘lchash zarur bo‘lganda qo‘llanilardi. Shuningdek, bola an'anaviy termometrni 5-7 daqiqa ushlab tura olmagani uchun ham bu usul qo‘l keladi.

Infraqizil termometrdan foydalanishda uni quloq suprasi, peshana yoki chakkaga yo‘naltirish kerak bo‘ladi – bunda yo‘riqnomaga rioya qilish shart.

Mavzuga oid