Kun.uz saytida «Bizga uskunalar ajratishmayapti, va'da qilingan mukofot pullaridan darak yo‘q» — Toshkent viloyatining bosh infeksionisti murojaati» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda Chirchiq shahrida joylashgan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi rahbari Guljahon Yuldasheva ta'minot, sharoit va to‘lovlar bo‘yicha o‘z noroziligini bildirgan.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori To‘raqul Arziqulov bilan suhbatlashdik.

– To‘raqul Sodiqovich, e'lon qilingan maqolada Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi rahbari o‘z xodimlari nomidan qator e'tirozlar bildirgan. Bu haqda nima deya olasiz?

 – Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi Sog‘liqni saqlash vazirligi reyestriga asosan karantin obekti, ya'ni koronavirus tasdiqlangan bemorlar uchun emas, birlamchi ular bilan muloqotda bo‘lgan gumondor fuqarolarni saqlab turish obekti etib belgilangan. Agar bu yerda biror fuqaroda COVID-19 aniqlansa, bemor zudlik bilan COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanuvchi maxsus shifoxonasiga yetkaziladi. Bu maskan mutlaqo koronavirusni davolash uchun mo‘ljallangan shifoxona emas.

To‘g‘ri, pandemiya pik davriga chiqqanda juda ko‘p shifoxonalarga koronavirusga shubha qilingan, ammo kasallik rasman tasdiqlanmagan bemorlar yotqizildi. Hatto o‘sha shifoxonalarda kasallik tasdiqlangan bemorlar ham ma'lum muddat qolib ketishdi. Ammo qisqa muddatda bu muammolar bartaraf qilindi, gumondagilar alohida, kasallik tasdiqlanganlar alohida qilib ajratib olindi.

– Shifoxona rahbari murojaatida mukofot pullari (shifokorlarga 25 mln, hamshiralarga 15 mln so‘mlik va h.k) rag‘batlantirish mablag‘lari to‘lab berilmayotgani haqida ham aytib o‘tgan. Bunga qanday izoh berasiz.

– Bu shifoxona xodimlarining prezident qarori bilan belgilangan koronavirusga qarshi kurashda faol qatnashayotgan shifokorlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish mablag‘lari to‘lanmayotgani haqidagi noroziligi asossiz. Chunki bunday to‘lovlar bilan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolaydigan, SSVning koronavirusni davolashga mo‘ljallangan shifoxonalar ro‘yxatida bo‘lgan shifoxonalar xodimlari rag‘batlantiriladi. Yuqorida aytganimdek, Chirchiqdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi birlamchi muloqotda bo‘lgan fuqarolar uchun hozirlangan karantin obekti hisoblanadi.