O‘zbekiston | 12:12 / 14.08.2020
40243
7 daqiqa o‘qiladi

Kislorod konsentratori: u nima uchun kerak?

Xorij filmlarida ko‘p kuzatganmiz – tez-tibbiy yordam yetib kelishi bilan bemorning yuziga maxsus niqob yopiladi va kislorod beriladi. Kislorod inson va umuman tirik jonzotlar uchun juda muhim modda hisoblanadi va uning oz miqdorda kamayishi ham qaytmas jarayonlarga olib kelishi mumkin.

Koronavirus pandemiyasi sabab nafaqat tibbiyot mutaxassislari, balki butun dunyo aholisi «Kislorod konsentratorlari» va sun'iy nafas olish apparatlari degan uskunalar borligi haqida bilib oldi. Shunday bo‘lsada, kislorodoterapiya oldin ham salomatlikni mustahkamlash va boshqa bir qator kasalliklarni davolash uchun muntazam qo‘llab kelingan.

Kislorod har qanday organizmga nafas olish uchun o‘ta zarur modda, demak u hayot uchun juda muhim sanaladi. Hatto ozgina kislorod yetishmasligi – gipoksiya, immunititet pasayishi, moddalar almashinuvi buzilishiga olib keladi, bosh va mushaklar og‘rishiga, asabiylik holatlariga, holsizlikka, jismoniy va aqliy faoliyat pasayishiga sabab bo‘ladi.

Nafas yo‘llari va yurak-qon tomirlari xastaliklari bilan kasallangan bemorlarga kislorod konsentratori deb ataladigan maxsus apparatlar zarur.

Kislorod konsentratori – atmosferadan kislorod molekulalarini ajratib olib, konsentrlangan toza kislorod tarzida yetkazib beruvchi apparat hisoblanadi.

Ular kislorod terapiyada qo‘llanadi, bemorga kislorod ochiq havodagidan ko‘proq konsentratsiyada beriladi.

Bu uskunalarning muhimligi va hayotiy zarurligi COVID-19 kasalligi asoratlarini davolashda yanada ko‘proq namoyon bo‘ldi. Kislorod konsentratorlarini sotib olish va hatto ishlab chiqarish davlat dasturlariga kiritildi. Nafaqat tibbiyot muassasalari, balki oddiy fuqarolar ham foydalanish uchun bu asbobni sotib ola boshladilar. Internet makonida kislorod konsentratorini juda ko‘p reklama qilishmoqda, turli narxlarda sotib olish uchun takliflar berilmoqda. Turli ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan bu asbobning texnik jihatlari va imkoniyatlarini aniqlashda hatto mutaxassislar ham qiyin ahvolda qolmoqdalar.

Kislorod konsentratorlari qanday ishlaydi?
Kislorod konsentratorining ishlash prinsipi quyidagicha: u ikki silindrdan iborat, xona havosi o‘sha silindrlar ichidagi tseolit sharchalar – «molekulyar panjara» ichidan o‘tadi va bu panjara azot molekulalarini tutib qolib, kislorod molekulalarini o‘tkazadi. Natijada kislorod konsentratori 95 foizgacha kisloroddan iborat aralashma ishlab chiqaradi.

Eng ommabop modellarda kislorod bilan ta'minlash tezligi daqiqasiga 3 litrdan 5 litrgachani tashkil etadi, 2000-yillardan esa daqiqasiga 10 litrgacha ta'minlaydigan modellar ishlab chiqarila boshlandi. XXI asrda ko‘plab ishlab chiqaruvchilar ichxam, ko‘tarib yurishga qulay konsentratorlar ishlab chiqarishga kirishdi. Ularning tezligi odatda daqiqasiga 2 litrni tashkil etadi, ammo shunaqa nusxalar ham borki, daqiqasiga kislorod bilan 6 litrgacha ta'minlay oladi.

Kislorod konsentratorlari vazifasiga qarab bir-biridan farq qiladi. Moslama statsionar va portativ bo‘ladi. Turli modellarni bir necha yuz dollardan bir necha ming dollargacha bo‘lgan narxlarda sotib olish mumkin.

Tibbiy kislorod konsentratorlaridan kasalxonalar, sanator-kurort muassasalarida, reanimatsiya bo‘limlarida qo‘llanadi. Bunda moslamalar kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda, o‘pka va yurak xastaliklarida kerak bo‘ladigan kislorod terapiyada ishlatiladi. Terapiya bo‘limlarida va operatsiya xonalarida bu statsionar uskunalar og‘ir bemorlarni daqiqasiga 5 litrdan 10 litrgacha kislorod bilan ta'minlash kuchiga ega. «Tez yordam» mashinalari esa ixcham portativ kislorod konsentratorlari bilan ta'minlanadi.

Ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan, daqiqasiga o‘rtacha 5 litr kislorod beruvchi universal kislorod konsentratorlari ham bor. Ular uy sharoitida qo‘llash uchun qulay, shuningdek ulardan statsionarlar, sanatoriylar, fitnes-markazlar va go‘zallik salonlarida ham profilaktika ishlari va davolash maqsadlarida foydalaniladi.

Uy sharoitida qo‘llaniladigan kislorod konsentratorlari daqiqasiga 1-3 litr kislorod ishlab chiqaradi. Bu ixcham va qulay moslamalar zamonaviy dizaynga ega. Apparat kislorod kokteyli tayyorlashga qo‘l keladi, shuningdek, profilaktik ingalyatsiyalar uchun ham ishlatish mumkin (to‘plamga nebulayzer ham kiritilgan).

Kislorod konsetratorlari narxi bir nechta omillarga qarab belgilanadi
Ulardan eng asosiysi - moslamaning maqsadga muvofiqligi, unumdorligi. Masalan, daqiqasiga 3 litrgacha kislorod ishlab chiqaradigan kislorod konsentratori, kuchli, daqiqasiga 10 litrgacha kislorod ishlab chiqaradigan murakkab qurilmadan ancha arzon turadi.

Shuningdek, to‘yingan kislorod oqimi ko‘rsatkichi ham muhim. Ishlab chiqaruvchilar taqdim etgan asboblarda bu o‘rtacha 85 foizdan 95 foizgacha bo‘lgan raqamni ko‘rsatadi. Gazli aralashmada kislorod darajasi qancha yuqori bo‘lsa moslama shuncha qimmatroq bo‘ladi.

Narxni belgilaydigan navbatdagi talab, bu ishlab chiqaruvchi mamlakat hisoblanadi. Eng qimmatbaho tibbiy asboblar Germaniya va AQShda ishlab chiqariladi. Xitoyda ishlab chiqariladigan moslamalar ham sifat jihatidan ulardan qolishmaydi, ammo narx tomonidan ancha hamyonbop.

Baho belgilanishiga yana bir sabab – bu funksional jihatlar. Tibbiy texnika bozorida uy sharoitida qo‘llash uchun turli modellar: oddiy moslamadan tortib yuqori texnologiyaga ega asboblar taqdim etiladi. Funksional qurilmalar nafaqat uy sharoitida, balki klinik holatlarda ham foylalaniladi.

Tibbiy muassasalar uchun uskunalar va muayyan modellar mutaxassislar tomonidan qattiq nazorat ostida tanlanadi.

Bugungi kunda uy sharoitida ishlatiladigan kislorod konsentrator narxlari 200 dollardan 1000 dollargacha atrofida. Tibbiyot muassasalari uchun zarur bo‘lgan modellar esa ancha baland narxlarda sotib olinmoqda.

O‘zbekistonda hukumat tomonidan bu tibbiy asbobni sotib olish uchun bir qancha imtiyozlar va preferensiyalar berilgan.

Bozordagi holat
O‘zbekistonda pandemiya bilan bog‘liq holat og‘irlashganda, tibbiyot tizimi bemorlarni qamrab olishga ulgurmagan paytlarda uy sharoitida foydalanish uchun kislorod konsentratorlariga talab keskin oshib ketdi. Albatta, talab borki taklif paydo bo‘ladi. Dastlab yuqori talab, olib kirishdagi mavhumliklar, taqchillik tufayli bu apparatlar juda yuqori narxlarda sotildi. O‘sha kunlari asl qiymati 300 dollarlik apparatlar 1000 dollardan sotilishi oddiy holatga aylangan edi.

Qo‘lbola uskunalar ishlab chiqarish ko‘paydi, ulardan foydalanish bo‘yicha rasman tasdiqlanmagan, tavakkalchilikka asoslangan yo‘riqnomalar paydo bo‘ldi.

Murakkab vaziyatda yaxshigina daromad qiluvchilar bilan birga savob umidida bunday apparatlarni arzon yoki bepul ijaraga beruvchi saxovatpeshalar ham maydonga chiqishdi. Bunday xayrli ishni qiladigan maxsus guruhlar tuzildi.

Vaqt o‘tgani sayin bu sohada shug‘ullanuvchi tadbirkorlar safi kengaydi. Taklif ko‘payishi narxga ham ta'sir qila boshladi va mahsulot qiymati mo‘'tadillashdi. Ayni paytda markasi, sifati va ishlab chiqarilgan joyiga ko‘ra bu mahsulotni 6-8 mln so‘m atrofida taklif etishmoqda. Ayrim kompaniyalar hatto xaridorni jalb qilish maqsadida konsentratorga pulsoksimetr ham qo‘shib berishyapti.

Abror Zohidov

Mavzuga oid