Intellektual mulk agentligi: 616 ta dorixonalarda kontrafakt dori vositalari aniqlandi
Ma'lumki, pandemiya davrida shamollash, gripp kabi aholi orasida ko‘p uchrayotgan mavsumiy kasalliklarni davolovchi dori vositalariga bo‘lgan talab ilgariga nisbatan ancha ko‘paygan. Qolaversa, pandemiya sharoitida dorilarning narxi sezilarli darajada oshib ketdi. Birgina muammo bunda emas, bugungi sharoitdan foydalanib, nohalol tadbirkorlar eng ko‘p uchrab turgan kasallikni davolovchi dori vositalarining kontrafakt nusxalarini tayyorlab erkin savdoga chiqarayotgani barchani tahlikaga solishi aniq.
Intellektual mulk agentligining kuzatuvlari natijasida respublikadagi 616 ta dorixonalarda bozori chaqqon, aholiga yaxshi tanish bo‘lgan dori vositalarining nomlanishi va qadog‘i iste'molchilarni chalg‘itish darajasida juda o‘xshash bo‘lgan “Turmol”, “Terlaflyu”, “Mer teraflyus”, “Kitonal gel”, “Kitonal ampula”, “Noshpen” hamda “Azimaks” kabi kontrafakt dorilar sotilayotgani aniqlandi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy, bu kuzatuvlar tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq emasmi? Albatta, yo‘q. Aksincha, bu kabi holatlarning oldini olmaslik asl mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan tadbirkorlarning nohalol raqobatdan aziyat chekishlariga olib keladi.
Vaholanki, kontrafakt dori-darmonlar har yili jahonda qariyb 1 million insonning umriga zomin bo‘lmoqda. Bundan tashqari, qalbaki dori tarkibida faol moddalar umuman bo‘lmasligi ham mumkin, shu bois uni qabul qilgan shaxsning ahvoli yaxshilanmaydi, balki kasallikni yengishga qarshi vosita ichilmagani sababli sog‘ligi jiddiy xavf ostida qoladi.
Dori ishlab chiqaruvchi farmatsevtik firma dori sifati va kasallikka ta'sir qilishini yillar davomida sinovdan o‘tkazadi. Ammo kontrafakt mahsulot tayyorlab bozorga chiqarishga urinayotgan “uddaburon tadbirkor” esa osongina foyda ko‘rish maqsadida o‘zganing tovar belgisidan foydalanib, nomi o‘xshash dori ishlab chiqaradi. Oddiygina nomi va tashqi ko‘rinishi taniqli bo‘lgan dorilar qadog‘ini o‘xshatib, bir ikkita harfini o‘zgartirib qo‘yadi xolos. Masalan, “Turmol” deb chiqarilgan dori vositasi aslida Hindistonning Trimol tabletkasi analogi hisoblanadi. Dorini qalbakilashtirishdan maqsad esa odamlarning ong ostida shakllangan Trimol tabletkasi obrazi orqali kontrafakt dori mahsuloti sotuvini rivojlantirishdir.
Agentlik fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida dorixonalarda sotilayotgan kontrafakt dori vositalarini tezkorlik bilan aniqlashga kirishdi. Bu yo‘lda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda kontrafakt dori vositalari savdosini cheklash bo‘yicha tizimli harakatni olib borishga e'tibor qaratilmoqda.
Xo‘sh intellektual mulk agentligi bu holatlarni oldini olish bo‘yicha qanday harakatni amalga oshirmoqda? Ma'lumki, bugungi kunda respublikamizdagi dorixonalarda 9 mingdan ortiq dori vositalari sotilmoqda. Dastlab, kontrafakt dorilarni aniqlash maqsadida dorixonalarda inventarizatsiya o‘tkaziladi. Agar aniqlangan kontrafakt dori vositalari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan bo‘lsa, dorilar aylanmasini to‘xtatish yuzasidan taqdimnomalar kiritiladi. Shunda ham huquqbuzarlik holatlari takrorlansa, tegishli davlat organlariga qonuniy choralar ko‘rish maqsadida bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Yana bir muhim yangilik dorixonalarda sotilayotgan kontrafakat mahsulotlarni tezkor aniqlash maqsadida ularning katalogi tuzilmoqda. Mazkur tashabbus orqali katalogga kiritilgan kontrafakt dori vositalari sotuvi bilan shug‘ullanayotgan dorixonalar ogohlantiriladi, dorilarni dorixona peshtoqidan olish talab etiladi va noqonuniy ishlab chiqaruvchilarni javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga chetdan kirib kelayotgan kontrafakt dori vositalari kirib kelishining oldini olish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasiga dorilar ro‘yxati tuzilgan ma'lumotnoma taqdim qilinadi hamda ularning kirib kelishi to‘xtatiladi.
Qolaversa, Agentlik mas'ul xodimlari tomonidan kontrafakt mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish maqsadida doimiy ravishda kuzatuv tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Natijada qalbaki tovar va mahsulotlar sotilishining oldi olinmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida intellektual mulk agentligi tomonidan 30 dan oshiq monitoring ishlari o‘tkazilib, 1716 dan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Yana bir muhim jihat, agentlik to‘g‘ridan to‘g‘ri tadbirkorlar faoliyatiga aralashib kontrafakt mahsulotlarning ishlab chiqarishiga taqiq qo‘ya olmaydi. Shu sababli fuqarolardan o‘z sog‘liklariga befarq bo‘lmaslikni, farmatsevtlar esa o‘z mahsulotlarining kontrafakt nusxasiga duch kelganda nohalol tadbirkorga nisbatan qonuniy chora ko‘rish kerakligi haqida Intellektual mulk agentligining (71) 232-50-54 ishonch telefonlari yoki telegramdagi @ima_monitoring_bot orqali murojaat qilishlari so‘raladi.
«Intellektual mulk agentligi» Matbuot xizmati
Mavzuga oid
21:19 / 24.05.2022
Adliya vaziriga o‘rinbosar tayinlandi
16:03 / 28.10.2020
«Intellektual mulk agentligi»: intellektual mulk sohasini rivojlantirishda yangi bosqich boshlandi
22:50 / 21.05.2020
TDYuU rektori va Intellektual mulk agentligi direktori bundan buyon vazir o‘rinbosari hisoblanmaydi
20:57 / 28.01.2020