Ulug‘bek Lapasov: «Transport va tranzit sohasida aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishidir»
O‘zbekiston Xalqaro yo‘llarda tashish to‘g‘risidagi bojxona konvensiyasi Ijroiya kengashiga ilk bor saylandi.
Jyenevada Xalqaro yo‘llarda tashish kitobchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona konvensiyasi Ijroiya kengashiga saylov o‘tkazildi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston, Rossiya, Eron, Turkiya, Ozarboyjon, Italiya, YeI, Avstriya va Niderlandiya 2021-2022 yillarga XYT Ijroiya kengashi a'zoligiga saylandi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor BMTning bojxona va transport boshqaruvi sohasidagi ushbu nufuzli organi tarkibiga saylandi.
«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, mazkur kengash tarkibiga O‘zbekiston nomidan Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobulov kiritilgan.
O‘zbekistonning BMT dagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov ushbu voqeaning respublika uchun ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan har qanday davlat iqtisodiyotini ravnaq toptirishning harakatlantiruvchi kuchi transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish hisoblanadi. Xususan, O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartiblari sezilarli darajada soddalashtirildi. Bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish hamda respublika va umuman mintaqada xalqaro biznes operatsiyalarini faollashtirish uchun qo‘shimcha turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.
2018 -2022 yillarda transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash kompleks dasturiga ko‘ra, barcha xorijiy sheriklar bilan transport va tranzit sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish respublika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir», deydi diplomat.
Shuningdek, 2020 yil noyabr oyida Markaziy Osiyoda ilk bor «ye-TIR» pilot loyihasi – TIR-karnet kitobchalari asosida xalqaro yuk tashuvlarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona organlari va Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi hamkorligida amalga oshirilgan.
Ma'lumot uchun, 1975 yil noyabrida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi shafeligida qabul qilingan XYT konvensiyasi xalqaro transport sohasidagi eng samarali huquqiy hujjatlaridan biri va hozirgacha o‘ziga xos yagona global bojxona tranzit tizimi hisoblanadi. XYT konvensiyasining asosiy g‘oya va tamoyillari nafaqat Yevropa va Osiyo, balki Afrika va Lotin Amerikasi kabi mintaqalarda ham xalqaro yuk tashuvlarini osonlashtirishga qaratilgan.
O‘zbekiston 1995 yildan buyon 77ta davlat a'zo bo‘lgan mazkur konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi. XYT Ijroiya kengashi tarkibi 9 a'zodan iborat bo‘lib, ular tashkilotga a'zo davlatlarning ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi. Kengashga saylovda 11ta davlat o‘z nomzodini qo‘ydi va 57ta davlat ularga ovoz berdi.
Avvalroq, O‘zbekistonning Savdoni soddalashtirish global dasturiga a'zo bo‘lgani ma'lum qilingandi.
Shuningdek, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlat rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi («yo‘l xaritasi») tasdiqlangandi. Maskur transport yo‘lagi milliy iqtisodiyot va mintaqalararo savdoning ravnaqi uchun yangi turtki berishi, shuningdek Afg‘oniston va Pokistonning Markaziy Osiyo, MDH va Sharqiy Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini to‘liq ochib berishi ta'kidlangan.
Mavzuga oid
15:19 / 06.03.2024
O‘zbekiston va Lixtenshteyn o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi
15:47 / 23.08.2023
O‘zbekistonning BMTdagi yangi doimiy vakili ish boshladi
18:19 / 04.08.2023
O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili o‘zgardi
15:32 / 29.04.2022