Jahon | 07:06 / 26.04.2021
13553
2 daqiqa o‘qiladi

Baydenning reytingi AQSh tarixidagi eng pastlaridan biri bo‘ldi 

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatni boshqarayotganining ilk 100 kunida, uning faoliyati amerikaliklar tomonidan ma'qullanishi reytingi 52 foizni tashkil qildi. Ta'kidlanishicha, bu AQSh tarixidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.  

1945 yildan beri faqatgina ikki prezident — Jyerald Ford (48 foiz) va Donald Tramp (42 foiz) reytinglari bundan pastroq bo‘lgan.  

Post va ABC News o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlarning 52 foizi «shak-shubhasiz» yoki «ma'lum darajada» Baydenning faoliyatini ma'qullaydi. 42 foiz respondent bu haqda yaxshi fikrda emasliklarini ma'lum qilgan.  

So‘ralganlardan 64 foizi AQSh prezidentining koronavirusga qarshi olib borayotgan siyosatini, 52 foizi iqtisodiy siyosatini ma'qullagan. Shu bilan birga, so‘ralganlarning 37 foizi Baydenning Meksika chegarasidagi migratsiya inqirozi bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.  

60 foiz respondent demokrat Bayden Kongressda respublikachilar tomonidan qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishi kerakligini, 30 foizi esa prezident busiz ham mustaqil harakat qila olishini aytgan. 

Baydenning iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan choralar paketini 65 foiz respondent qo‘llab-quvvatlagan, 31 foizi unga qarshi chiqqan. AQSh prezidentining infratuzilmaviy loyihalarga 2 trln dollar yo‘naltirish qarorini so‘ralganlarning 52 foizi ma'qullagan, 35 foizi esa salbiy fikr bildirgan.  

Telefon orqali so‘rovnoma 18—21 aprel kunlari ingliz va ispan tillarida o‘tkazilgan. Unda 1007 nafar respondent ishtirok etgan.

Mavzuga oid