07:59 / 26.05.2021
5192

Qozog‘istonda partiyalarning parlamentga kirish chegarasi pasaytirildi va byulletenlarda «hammaga qarshi» ustuni paydo bo‘ldi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev saylovlar to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunga tuzatish kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. 

Foto: Pixabay /Lena1964

Yangi tuzatishlarga ko‘ra, partiyalarning parlament quyi palatasiga (Majlis) kirish chegarasi 7 foizdan 5 foizgacha pasaygan. Bu haqda 25 may kuni Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Endi partiyalar parlamentga kirishi uchun ular ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 5 foiz ovozini olishi kerak bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Qozog‘istonda saylov byulletenlarida «hammaga qarshi» ustuni kiritilmoqda.

Shuningdek, tuman ahamiyatidagi shaharlar, qishloqlar, posyolkalar va qishloq okruglari ma'muriyatlari rahbarlarini (hokimlarini) to‘g‘ridan to‘g‘ri saylash jarayonini joriy etish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Saylovda nomzodlar mustaqil ravishda o‘z nomzodini ko‘rsatishi yoki siyosiy partiyalardan nomzod bo‘lishi mumkin. Hozir respublikada bunday ma'muriyat rahbarlari mahalliy vakillik organlari deputatlari tomonidan saylanadi.

2021 yil yanvar oyida Qosim-Jomart To‘qayev barcha darajadagi byulletenlarga «Hammaga qarshi» ustunini kiritish kerakligini ta'kidlagandi. «Aslida, muqobil qarashlar tushunchasi va hamma narsaga qarshi ovoz berish biz uchun ham normal bo‘lishi kerak», degandi prezident o‘shanda. Partiyalarning parlamentga kirish chegarasini pasaytirish esa, uning fikriga ko‘ra, siyosiy uyushmalarning ovoz berishda qatnashishini rag‘batlantirishi kerak.

Ma'lumot uchun, Qozog‘iston parlamentiga navbatdagi saylovlar 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish natijasida faqat uch partiya 7 foizli to‘siqdan o‘tgan holda mandatlarni taqsimlash huquqiga ega bo‘ldi: «Nur Otan», «Ak jol» va Qozog‘iston Xalq partiyasi.

Mavzuga oid
Top