Jahon | 18:38 / 06.07.2021
8489
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov Checheniston rahbari lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surdi 

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov respublika rahbari lavozimiga o‘z nomzodini rasman ilgari surdi. U respublika rahbari saylovlarida «Yagona Rossiya» partiyasining hududiy bo‘limi vakili sifatida qatnashadi.

Foto: Getty Images

Checheniston rahbari lavozimiga nomzodlarni ilgari surish muddati 8 iyulda yakunlanadi. Nomzodlar ro‘yxatdan o‘tish uchun 4 avgustgacha respublika saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni topshirishlari kerak bo‘ladi. 

23 iyunda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qodirov bilan videoanjuman shaklida o‘tgan ishchi uchrashuv vaqtida unga yangi muddatga Checheniston rahbari lavozimi saylovlarida ishtirok etishni taklif qilgan. Qodirov bunga javoban Putinning «sodiq askari ekani va uning har qanday buyrug‘ini bajarishga tayyorligini» aytgan.

Checheniston rahbari saylovlari 2021 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tadi.

44 yoshli Ramzon Qodirov Chechenistonga 2007 yildan beri rahbarlik qilib keladi. U respublika rahbari lavozimiga 2016 yil sentyabrda o‘tgan oxirgi saylovlarda 97,56 foiz ovoz to‘plagan. Bu ko‘rsatkich 2000 yildan beri Rossiya regionlari rahbarlari saylovlarida to‘plangan ovozlar bo‘yicha rekord hisoblanadi.

Bundan tashqari, Checheniston rahbari ayni vaqtda Rossiya regionlari rahbarlari orasida o‘z lavozimini eng uzoq vaqt egallab kelayotgan siyosatchi hisoblanadi.

 

Mavzuga oid