Jamiyat | 19:47 / 14.07.2021
8101
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga hujjat topshirgan o‘quvchilardan firibgarlarga aldanib qolmaslik so‘raldi

Ayrim xususiy o‘quv kurslari Prezident maktablariga hujjat topshirgan o‘quvchilarga qo‘ng‘iroq qilib, kitob sotib olish va test yechib, bilimini sinab ko‘rishni taklif qilmoqda. Agentlik bunday xabarlarga ishonmaslikni so‘radi. 

Prezident maktablari uchun bu yilgi imtihonlar qayerda o‘tkazilishi haqida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021/2022 o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Prezident maktablariga imtihonlar ochiq havoda o‘tkaziladi. Shu sabab har bir talabgor imtihonga bosh kiyim, masalan, kepka bilan kelishi talab etiladi.

Shuningdek, Prezident maktablariga hujjat topshirgan ota-onalar va o‘quvchilardan firibgarlarga aldanib qolmaslik so‘raldi.

“Bizga bo‘layotgan murojaatlardan ma'lum bo‘lishicha, ayrim xususiy o‘quv kurslari Prezident maktablariga hujjat topshirgan o‘quvchilarga qo‘ng‘iroq qilib, kitob sotib olish va test imtihonlaridan o‘tib, bilimlarini sinab ko‘rishni taklif etishmoqda. Bu kabi xabarlarga ishonmaslikni so‘rab qolamiz. Prezident maktablaridan nomzodlarga faqat PIIMAdan sms yuboriladi. Telefon raqami Perfektum kompaniyasiga tegishli bo‘lganlarga 1523 raqamlaridan xabar boradi. Boshqa raqamlardan bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar va sms-xabarnomalar agentlikka tegishli emas”, – dedi agentlik matbuot xizmati rahbari.

Mavzuga oid