Jamiyat | 14:42 / 19.07.2021
23266
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusni uy sharoitida qanday davolash mumkin? Mutaxassis tavsiyalari

Koronavirus infeksiyasi tarqalganiga bir yildan oshganiga qaramasdan, dunyo tibbiyotida kasallikni davolash haqidagi ma'lumotlar turlicha. Shuning uchun kasallikka qarshi kurashda mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish muhim.

Kasallik belgilari namoyon bo‘lganda shifokorga murojaat qilmay, boshqa bemorlar yoki mutaxassis bo‘lmagan kishilar bergan tavsiyalarga ko‘ra davolanish oqibatida ayrim bemorlarning umumiy ahvoliga salbiy ta'siri kuzatilmoqda. Koronavirusni davolash hamda davolanish haqidagi savolga Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov quyidagicha javob berdi.

— Ayrim bemorlar o‘zida koronavirus xastaligi belgilari paydo bo‘lganda, undan hadiksiragani yoki o‘z salomatligiga loqaydligi tufayli kasallikning boshlang‘ich vaqtida uy sharoitida noto‘g‘ri davo taktikalarini qo‘llash natijasida bemor umumiy ahvoli o‘ta og‘ir holatga kelib, statsionar davolanishga majbur bo‘lmoqda.

Koronavirusning bugungi kunda besh xil: simptomsiz, yengil, o‘rta og‘ir, og‘ir, o‘ta og‘ir darajalari mavjud.  

1. Simptomsiz daraja. Bunda xastalik sezilarsiz belgilar bilan kechadi. Masalan, kuniga bir-ikki marotaba umumiy holsizlik, toliqish yoki tana haroratining 37 darajagacha ko‘tarilishi holati kuzatilishi mumkin. Ammo ushbu holatda PZR tekshiruvidan o‘tganda unda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlanishi mumkin.  

2. Yengil daraja. Haroratning 38 darajagacha ko‘tarilishi, tomoqning qichishi, vaqti-vaqti bilan yo‘tal hamda organizmdagi holsizlik, bo‘g‘imlar qaqshashi kuzatiladi. Qayd etilgan ushbu ikki bosqichda uy sharoitida oilaviy poliklinika shifokori bilan hamkorlikda, ya'ni ularning tavsiyalari asosida davolanish mumkin.  

3. O‘rta og‘ir daraja. Bunda yuqorida qayd etilgan belgilar kuchaygani uchun bemorning shifoxonaga yotqizilishi tavsiya etiladi. Bunday bemorlarga qat'iy tartibdagi davolanish choralari va doimiy mutaxassislar nazorati kerak bo‘ladi. Shuningdek, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan kishilar: ya'ni bemorlarning yoshi 50-60 va undan katta bo‘lganda yoki virusga chalingan kishining yondosh kasalliklari bo‘lsa, homilador ayollarda koronavirus aniqlansa, ularga o‘rta og‘ir daraja belgilanib, statsionar davolash uslubi qo‘llaniladi.  

4. Og‘ir daraja. Bunda bemorlarda yuqoridagi belgilar yaqqol namoyon bo‘lishi bilan birga nafasning o‘tkir yetishmovchiligi, ruhiyat o‘zgarishi, xususan, o‘lim talvasasi hamda barcha a'zolarida kasallikning ta'siri sezila boshlaydi. Tabiiyki, ushbu holatda ham, albatta, statsionarda davolash zarur.  

5. O‘ta og‘ir daraja. Bunda esa, bemorlar faqatgina shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida davolanishi kerak bo‘ladi. Uy sharoitida koronavirusning zararli ta'sirini kamaytirish uchun xonalar tez-tez shamollatib turilishi, uyning tozaligiga va undagi oziq-ovqat mahsulotlarining to‘g‘ri saqlanishiga qattiq e'tibor berilishi lozim.  

Shuningdek, uy sharoitida koronavirusdan davolanayotgan bemorlar o‘z yaqinlarining salomatliklarini o‘ylagan holda, ulardan o‘zini iloji boricha izolyatsiyalashi kerak. Bemor turgan xonaga yosh bolalarning va keksa yoshli oila a'zolarining kirishlari cheklanishi kerak. Bemorning ovqatlanish idishlari alohida bo‘lishiga e'tibor berish lozim. Iloji boricha ko‘proq suyuqlik iste'mol qilish tavsiya qilinadi.  

COVID-19ning yangi shtammlari avvalgilaridan ko‘ra yuquvchanligi bilan farq qilmoqda. Shuning uchun ham tibbiy niqob va antiseptik har bir insonning doimiy hamrohi bo‘lishi kerak. Uy sharoitida davolanayotgan bemorga o‘zboshimchalik bilan davo muolajalari qilish taqiqlanadi. Koronavirusning yengil shtammini o‘tkazayotgan bemorlarning holidan hududdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi xodimlari xabar olib turishadi. Ularning ahvoli og‘irlashgudek bo‘lsa yoki biror maslahat zarur bo‘lsa, oilaviy shifokor bilan maslahatlashish zarur.  

"Vitamin S", "vitamin D" va "Tsink" kabi dori vositalarini kasallikni boshdan o‘tkazayotgan bemorlargina emas, u bilan birga yashayotgan oila a'zolari ham profilaktika maqsadida qabul qilishlari mumkin. Bunda albatta, oilaviy shifokor tavsiyasiga amal qilish shart.  

Mavzuga oid