Internetda tarqalgan foto va videolarda halokatga uchragan samolyot bo‘laklari va kamida bir nafar jabrlanuvchini ko‘rish mumkin.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Kun.uz savoliga javoban ayni paytda vazirlik vakillari voqea joyida o‘rganishlar olib borayotgani va tez orada bu haqda aniq ma'lumot berilishini ma'lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Gazeta.uz'ning Surxondaryodagi manbasi ikki nafar afg‘onistonlik harbiy Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialiga yotqizilganini ma'lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, bunga qadar Afg‘onistonning yana uch harbiysi bu muassasaga yotqizilgan. Bu uch harbiy avvalroq Tashqi ishlar vazirligi bayonotida tibbiy yordam so‘ragani aytilgan shaxslar bo‘lishi mumkin.
Nashr manbasi RShTYoIM Termiz filialida davolanayotgan besh nafar afg‘onistonlik askarning salomatligi holati o‘rtacha ekanini bildirgan.
Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, samolyotdagilar parashyut bilan sakrashga ulgurgan bo‘lishlari mumkin. Qurbonlar bor-yo‘qligi hozircha noma'lum.
Gazeta.uz, shuningdek, o‘zbekistonlik bir nafar harbiy ham kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan. Bu Afg‘oniston samolyotining qulashi bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi noma'lum.
Daryo.uz'ga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi vakili nashr muxbiri bilan suhbatda Sherobodga Afg‘oniston samolyoti qulaganini qisman tasdiqlagan.
“Ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, ammo samolyot bor deyishdi. [...] Toshkentdan yetib kelgan 25 nafar ekspert samolyot qulashi bilan bog‘liq hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritadi. Shundan keyin samolyot qanday qulagani bo‘yicha ma'lumot bera olamiz”,
















