O‘zbekiston | 10:16 / 15.09.2021
10476
2 daqiqa o‘qiladi

SamDTI talabalari yangi o‘quv yilini zamonaviy binoda boshlashdi

Samarqand davlat tibbiyot instituti talaba-yoshlari joriy o‘quv yilini yangi binoda boshlashdi. Bir so‘z bilan aytganda, zamon talablariga javob beradigan mazkur bino nafaqat talabalar, balki pedagogik jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Joriy yilda oliygohning birinchi bosqichiga 1846 nafar talaba, ulardan 875 nafari bakalavriat, 202 nafari magistratura, 482 nafari klinik ordinaturaga qabul qilindi. Xalqaro qo‘shma ta'lim dasturlari asosida 225 nafar bakalavriat, 10 nafar magistratura, 52 nafar  klinik ordinatura yo‘nalishida o‘qishni boshlashdi.

Dastlabki kunlardanoq talabalarga karantin qoidalariga amal qilish tavsiya etildi. Xususan, binoning kirish qismida tana harorati o‘lchanib, antiseptik vositalar va bir martalik niqoblar tashkil qilindi.

Mustaqillik darsida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev birinchi kursga qabul qilingan talabalar bilan uchrashdi. Tadbirda talabalar va ularning ota-onalari, yaqinlarini tabrikladi. So‘nggi yillarda ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qabul kvotalari oshirilib, alohida imtiyozlar joriy etilgani, institutda yangi yo‘nalishlar ochilgani ta'lim sifatining ijobiy tomonga o‘zgarayotgani e'tirof etildi. Bu tabiiyki, ta'lim-tarbiya olish istagida bo‘lgan yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyat berishini anglatadi.

Birinchi kurs talabalariga bir hafta davomida tanishtiruv hamda Mustaqillik darslari o‘tildi. Qolgan barcha kurs talabalariga darslar o‘quv reja asosida olib borildi.

Ma'lumot o‘rnida aytish lozim, institutning yangi binosi bir vaqtning o‘zida 800 dan ortiq talabani qamrab oladi. Ayni vaqtda mazkur binoda 1-3 kurs talabalari tahsil olmoqda. Binoda o‘ttizdan ortiq kimyo laboratoriya xonalari, yigirmadan ortiq so‘nggi rusumdagi mikroskoplar bilan jihozlangan xonalar mavjud.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid