Jamiyat | 16:10 / 01.10.2021
30482
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zgacha maktab: ko‘zi ojizlar ta'lim dargohiga borganmisiz?

Biz borgan maktabda deyarli hamma narsa o‘zgacha edi. Daftar-qalam, kitob, doska boshqacha, hatto yozuv ham o‘zgacha... Bir-birining qo‘lini tutib yuruvchi o‘quvchilar ham boshqa – tovushlar olamida yashaydi.

Bu ta'lim maskani o‘qituvchilarini nafaqat ustoz deb, balki imkoniyati cheklangan shogirdlarini orzular sari intilib, ertangi yaxshi kunlarga ishonishga, dunyoni tafakkur va tasavvur bilan anglashga ko‘mak beruvchi fidoyilar deb atash mumkin.

Biz Asakadagi 16-sonli imkoniyati cheklangan ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatidamiz.

Mazkur ixtisoslashgan maktabda 171 nafar imkoniyati cheklangan bolajonga 74 nafar o‘qituvchi va tarbiyachilar ta'lim-tarbiya berish bilan birga, hayot so‘qmoqlarida qoqilmay yashash sirlarini o‘rgatadilar.

Biz ta'lim dargohidagi o‘ziga xos tarbiya berish uslublari va o‘quvchilarning hayoti bilan tanishdik.

“Ota-onalar bolalarining ko‘zlari nogiron bo‘lib tug‘ilganliklaridan qattiq iztirobga tushishadi. Ming o‘y bilan bizning maktabga olib kelishgach, oradan ko‘p vaqt o‘tmay farzandining bilim olishdagi kichik muvaffaqiyatlari ularni quvontirib, bolasining kelajagi haqida o‘ylay boshlashadi.

Mening o‘quvchilarim judayam sezgir, iqtidorli va g‘ayratli. Bir o‘quvchi qizim uyida qo‘shni qiz bilan daraxtning qanday ekani haqida bahslashib ketibdi. Ota-ona uni zimdan kuzatib turgan ekan. O‘quvchim daraxtni shunday tasvirlab beribdiki, hatto yonidagi ko‘zi sog‘lom o‘rtog‘i daraxtning bunday chiroyliligini aqliga ham sig‘dira olmagan ekan. Ota-ona mening oldimga kelib, bolasining shunday gaplar gapirganidan, daraxtni shunday tasvirlab berganidan xursand bo‘ldi va rahmat aytdi”, – deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Soliyaxon Rahimova.

Soliyaxonning sinfidagi dars jarayonida bo‘lib, o‘qituvchi yordamida bolalarning turli predmetlarni so‘z orqali qanday tasvirlaganiga guvoh bo‘ldik. Bolalar darsda juda faol qatnashishadi. Ularning bilimga chanqoqligidan hayratlanish mumkin.

Ko‘zi ojizlar harf yozadigan qalam ignali uskuna bo‘lib, grifel deb nomlanadi. Daftar varog‘iga maxsus pribor joylanadi va harflar o‘yib yoziladi. Katak ichidagi nuqtalardan harflar paydo bo‘ladi. Masalan, “a” harfi bitta nuqtadan iborat, “o” harfi – uchta nuqta. 63 ta kombinatsiyadan iborat mazkur yozuv Brayl yozuvi deb ataladi.

11-sinflarda o‘tayotgan kimyo darsiga ham kirdik. Bitiruvchilar kimyoviy unsurlar va reaksiyalarni o‘rganishmoqda. Dars jarayonida qo‘lda paypaslab tushuncha hosil qilish uchun ko‘rgazmali qurollar juda qo‘l kelar ekan.

Mana shu maskanda o‘qib, so‘ng o‘qituvchilik kasbini tanlagan, ayni paytda bolalarga dars berib, “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishonini olgan yosh muallim Abduvosit Abdurahmonov bilan suhbatlashdik.

“Shu dargohda o‘qiganman. Ota-onam dastlab bu yerga olib kelishga biroz o‘ylanishgan, sababi mening ko‘nglimga qarashgan, lekin vaqti kelib, ular jur'at bilan meni shu maktab-internatga berishdi. Ustozlarim yordamida fanlarni o‘zlashtira boshladim, ularning yordami bilan atrof-muhitni, tabiatni anglab, tafakkurim uyg‘ondi va borliqni tasavvur qila boshladim.

Ko‘zim ojiz bo‘lsa-da, ustozlarim mehnati bilan qalb ko‘zim ochildi. Maktabni yakunlab, ustozlarim bergan bilim asosida, Andijon davlat universitetida o‘qishni davom ettirdim.

7 yildirki, ushbu maktab-internatimizda o‘z faoliyatimni olib bormoqdaman. 2021 yil men uchun juda omadli keldi. Sababi 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan menga “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishoni berildi.

O‘quvchilarimizning amaliy fanlarga ham qiziqishi yuqori. Masalan, texnologiya va informatikaga juda qiziqishadi. Ular orasida sportning ma'lum bir turlariga qiziqadiganlari ham bor. Men o‘zim ham o‘quvchilik davrimdan beri futbol o‘yinlariga qiziqib kelaman. “Andijon” jamoamiz bilan birga o‘z vaqtida O‘zbekiston chempioni ham bo‘lganmiz”, – deydi Abduvosit Abdurahimov.

Biz ko‘zi ojizlar qiziqib o‘ynadigan futbol va uning qoidalari bilan qiziqdik. Ko‘zi ojizlar futbolida har bir jamoada besh nafardan o‘yinchi bo‘lishi lozim. O‘yin tovushlarga asoslangan holda o‘tkaziladi. To‘pning ichida maxsus shildiroq bo‘lib, u harakatlanganida tovush beradi. Har bir jamoa murabbiyi raqib darvozasi ortida turib, to‘pni olib borish jarayonida darvoza ortidan qarsak chalib “Hop!” , “Hop!” deya xitob qilib turadi. Ovozga qarab o‘yinchilar darvozaga to‘pni yo‘naltiradi.

Ko‘zi ojizlar futbolida himoyalanish maqsadida ko‘zlarga maxsus moslama taqilgan bo‘ladi. Jarima zarbasi paytida jamoa murabbiyi darvozaning ustuniga maxsus temir moslama bilan urib ovoz beradi va darvoza orti o‘rtasida turgan holda qarsak chaladi. Jamoa o‘yinchilar to‘pni olish jarayonida “Men!” deb ovoz beradi, shu orqali o‘yinchi o‘z sherigini taniydi va to‘pni unga uzatadi.

Harakatlanish fani o‘qituvchisi Sirojiddin Usmonovning ochiq havodagi darslarini kuzatdik. Muallim o‘quvchilarga tashqarida harakatlanish va jamoat transporti bo‘lgan avtobusga chiqishda hassa bilan harakatlanishdan mashg‘ulot o‘tdi.

“Fanimiz ko‘zi ojiz bolalarni mustaqil harakat qilishga o‘rgatadi. Biz asosan hassadan foydalanamiz. O‘quvchilar hassadan foydalanishni o‘zlashtirsa, tekis va notekis yo‘llarda mustaqil harakatlanadi, ko‘chada xech kimga muhtoj bo‘lmaydi”, – deydi o‘qituvchi.

Shu maktabni tugatib yoshlarga saboq berayotgan ustoz Husnobodxon Sohibova maktab bitiruvchilari orasidan diplomatlar, kuchli mutaxassislar, “Xalq ta'limi a'lochisi” yetishib chiqqani haqida so‘zlab berdi.

Maktab o‘qituvchilari sharoitdan kelib chiqib, o‘quvchilar uchun turli yangi ko‘rgazmali qurollar yaratishmoqda.

Harakatlanish fani o‘qituvchisi Feruzaxon Parpiyeva ishlab chiqqan “buyumlar yarmarkasi” uskunasi diqqatga sazovor, uning yordamida o‘quvchilar turli uy-ro‘zg‘or buyumlari va kundalik hayotda uchraydigan anjomlar bilan tanishadi.

Biz internat kutubxonasida bo‘lib, shoir Muhammad Yusuf she'rlarini qo‘l bilan bor vujudini berib o‘qiyotgan kitobxon o‘quvchilardan she'rlar tingladik. Shaxmat-shashka to‘garagi mashg‘ulotlarini kuzatdik.

Dargohda san'atga, musiqaga qiziqish yuqori ekan. Iqtidorli o‘quvchilar bizga kichik konsert namoyish qilib berishdi. Ularning ijrosida milliy kuylar tingladik. O‘quvchilar orasida kelajak hayotini san'at bilan bog‘lashni istaganlar ko‘plab topiladi.

Milliy mumtoz qo‘shiqlarni kuylashdagi iste'dodi diqqatimizni tortgan 11-sinf o‘quvchisi Tabassumxon Orifjonovaning ham orzulari bir olam. “Nasib qilsa, kelajakda Toshkent davlat konservatoriyasida an'anaviy xonandalik bo‘yicha o‘qishni niyat qilmoqdaman. Ustozlarimizga cheksiz minnatdorchilik bildiraman”, – deydi u.

Shu kuni internatga ustozlarini yo‘qlab mazkur ta'lim maskanini bitirgan sobiq bitiruvchilar kelishgan ekan. Ulardan Muhammadomil O‘rinboyev maktab jarayonidagi olimpiadada olgan imtiyozi bilan Milliy universitetning filologiya yo‘nalishida o‘qib, hozirda o‘qish bilan birgalikda dublyaj studiyasida tarjimon bo‘lib ishlamoqda.

Yana bir bitiruvchi Diyorbek Ahmadjonov esa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti multimediya injyenerligi fakultetiga o‘qishga topshirib, muvaffaqiyatli qabul qilindi. Diyorbek hozir dublyaj studiyasida, dublyaj va ovoz rejissyori bo‘lib faoliyat yurgizayotir.

“Ko‘zingiz ojizligidan afsuslanasizmi?” yoki “Siqilmang, sabr qiling” deydigan odamlar ro‘para keladi. Ko‘zi ojizligimdan u darajada iztirobga tushmayman. Kerak bo‘lsa, bizni boshqalardan ustun tomonlarimiz bor. Masalan, sog‘ odamlar chiroq yo‘q paytda kitob o‘qiy olmasliklari mumkin, lekin biz o‘qiy olamiz. Odamga butun hayoti davomida kerak bo‘ladigan, dunyoqarashini o‘zgartiradigan, zehnini teranlashtiradigan narsa bu – kitob. Bizda ham o‘ziga yarasha imkoniyatimiz ko‘p. Ustozlarimizga bizga bergan bilimlari uchun bir umr minnatdormiz, ulardan duo kutib qolamiz”, – deydi Muhammadomil O‘rinboyev.

Ularning har bir yutug‘i va muvaffaqiyati ortida ustozlarning mashaqqatli mehnati yotganini his qildik. Maktab-internat o‘qituvchilari “imkoniyati cheklangan” deyiladigan o‘quvchilarga inson tinimsiz o‘qisa, bilim olsa, imkoniyat boshqalar bilan tenglashishi, hattoki soppa-sog‘ insonlardan ko‘ra balandroq cho‘qqilarni egallay olishlari uchun qanot bo‘lishmoqda.

Ularning ta'riflashga til ojiz bo‘lgan mehnatlari uchun ta'zim va rahmat kamlik qiladi.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid