13:33 / 30.11.2021
4433

O‘zbekiston Panama bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi

Kuni kecha ikki davlat vakillari diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzoladi.

Foto: Dunyo

«Dunyo» nashri xabariga ko‘ra, Panama O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 138-davlat bo‘ldi. Kecha, 29 noyabr kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Panama o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi.

Ikki davlat hukumati nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibrohimov va Panamaning BMTdagi doimiy vakili, elchi Markova Konsepsion Jaramilla imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasidagi qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi. Bundan tashqari, hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlashda, jumladan, O‘zbekiston 3 noyabrdan doimiy kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Amerika davlatlari tashkiloti doirasida ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Panama Markaziy va Janubiy Amerikaning tutashgan joyida, Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘ida joylashgan va muhim yuk tashish yo‘lini ta'minlaydigan davlatdir.

«Markaziy va Janubiy Amerika chorrahasida joylashgan Panama bilan hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning ushbu mintaqalardagi davlatlar bilan o‘zaro hamkorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi», — deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi o‘rtalarida Dominika hamdo‘stligi O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 137-davlat bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top