11:21 / 02.12.2021
6963

Bloomberg 2021 yilning eng katta ta'sirga ega odamlari ro‘yxatini taqdim etdi

Bloomberg axborot agentligi o‘z saytida 2021 yilda ko‘rsatgan xizmatlari e'tirofga loyiq 50 kishidan iborat ro‘yxatni e'lon qildi. Agentlik tomonidan tuzilgan ro‘yxatga biznes, ko‘ngilochar, moliya, siyosat, fan va texnologiyalar sohalari vakillari kiritilgan.

Foto: AP

Jumladan, “biznes” toifasiga Ford kompaniyasi rahbari Jim Farli, Discovery telekanali prezidenti va ijrochi direktori Devid Zaslav, koronavirusga qarshi vaksinalardan birini ishlab chiqqan Pfizer kompaniyasi bosh direktori Albert Burla kiritilgan.

“Moliya” toifasidan ko‘plab boshqa kishilar qatorida Amazon kompaniyasi rahbari Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skott joy olgan. U sobiq turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgandan keyin dunyoning eng boy ayollaridan biriga aylangan va 8,6 mlrd dollarga yaqin pulni 800 taga yaqin xayriya tashkilotiga xayriya qilgan. Shu sababli Makkenzi Skott yilning eng saxovatpesha kishisi deb e'tirof etilgan.

Agentlik “Siyosat” toifasiga rossiyalik muxolifatchi, hozirda panjara ortida jazo muddatini o‘tayotgan Aleksey Navalniyni va 2020 yil oxirida hibsga olingan hongkonglik muxolifatchi Jimmi Layni kiritgan. Ushbu toifadan 2021 yil 6 yanvarda sobiq prezident Donald Trampning AQSh kongressi binosiga bostirib kirgan tarafdorlariga qarshilik ko‘rsatgan politsiyachi Eyjin Gudmen ham joy olgan.

“Fan va texnologiya” toifasidan TikTok ijtimoiy tarmog‘ining bosh operatsion direktori Vanessa Pappas, birinchi Mars vertolyotini ishlab chiqqan NASA Ingeniuity loyihasi ilmiy rahbari Mimi Ong, Facebook kompaniyasi faoliyati haqidagi haqiqatlarni oshkor qilgan Frensis Xaugen joy olgan.

“Ko‘ngilochar” toifasiga raqamli asari 69 mln dollarga sotilgan amerikalik rassom Mayk Vinkelmann, amerikalik qo‘shiqchi Britni Spirs va boshqa ko‘plab kishilar kiritilgan.

Top